Fayzullayevga “Benfika” va yana 30 dan ortiq klubdan taklif bo‘lgani ochiqlandi
Sport
−
19 Sentabr 21049 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev Rossiyaning SSKA klubidan Lissabonning “Benfika” klubiga o‘tishi mumkin bo‘lgan, biroq portugaliyaliklar siyosiy sabablar tufayli transferdan voz kechgan. Bu haqda futbolchining agenti German Tkachenko ma’lum qildi.
“Qariyb bir yil oldin biz Fayzullayevni sotib olishi mumkin bo‘lgan va Abbosning o‘zi ham o‘tishga tayyor bo‘lgan ko‘plab klublar bilan gaplashdik va uchrashdik. Ro‘yxatda o‘ttizdan ortiq klub bor edi. “Benfika” esa bizga transfer imkonsizligini bildirdi. Ehtimol, ular Abbosning o‘zbek ekanini tushunmagan, chunki ularning javobida jamoada ukrainalik futbolchilarning mavjudligi tilga olingan edi. Yoki ular boshidanoq Rossiya klublari bilan hamkorlik qilishga taqiq borligini bilgan bo‘lishlari mumkin”, deydi Tkachenko.
Ma’lumot uchun, Fayzullayev SSKA safida 2023 yilning iyulidan 2025 yilning yozigacha to‘p surdi. “Qizil-ko‘klar” tarkibida u 72 ta o‘yinda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 22 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Abbosbek “armiyachilar” bilan birga Rossiya Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi hamda RPLda bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Hozirda Abbosbek Fayzullayev Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubida o‘ynamoqda. Qayd etish joiz, ayni damda boshqa bir o‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov ham “Bashakshehir” jamoasi a’zosi hisoblanadi.
Live
Barchasi