Xitoyda farzand tug‘ib beradigan robot yaratilmoqda
Texnologiya
−
16 avgust 11495 2 daqiqa
Xitoyda homilani ko‘tarib yurishi mumkin bo‘lgan robot ustida ish olib borilmoqda. Bu haqda “ChosunBiz” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Kaiwa Technology kompaniyasi 2026 yilda dunyoda ilk bor homiladorlikni simulyatsiya qila oladigan va inson embrionini ko‘tara oladigan gumanoid robotni taqdim etishni rejalashtirgan.
Loyiha mamlakatda tug‘ilish darajasi pasayishi va ortib borayotgan bepushtlik muammosini hal qilishga qaratilgan. Kompaniya asoschisining so‘zlariga ko‘ra, sun’iy bachadon texnologiyasi allaqachon yakuniy bosqichga yetgan.
Ma’lum qilinishicha, robot butun jarayonni – urug‘lanishdan tortib tug‘ruqqacha bo‘lgan davrni takrorlay oladi. Uning narxi qariyb 14 ming dollar bo‘lishi kutilmoqda. Loyihaning asosi sun’iy bachadon texnologiyasiga borib taqaladi: amniotik suyuqlik bilan to‘ldirilgan maxsus kapsulada homila tashqi manbalardan ozuqa moddalari olib, rivojlanadi.
Singapurdagi Nanyan texnologiya universiteti falsafa doktori Chjan Sifenning aytishicha, sun’iy bachadon texnologiyasi allaqachon yuqori rivojlanish darajasiga yetgan. Endi uni robotning qorin bo‘shlig‘iga kiritish orqali inson va robot o‘zaro aloqada bo‘lib, homiladorlikni yuzaga keltirish, homilaning ichkarida o‘sishini ta’minlash mumkin.
Bunday inkubatsiya usuli hayvonlarda allaqachon sinovdan o‘tkazilgan: 2017 yilda AQSH olimlari sun’iy bachadon yordamida muddatidan oldin tug‘ilgan qo‘zini muvaffaqiyatli voyaga yetkazishga erishgan. Ammo mutaxassislarning fikricha, inson embrioni bilan to‘liq jarayonni takrorlash uchun texnologiyani yanada takomillashtirish lozim.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr