Xitoyliklarga Yaponiyaga bormaslik tavsiya etildi
Olam
−
15 noyabr 4006 2 daqiqa
Xitoy Yaponiyani agar Tayvan masalasiga kuch bilan aralashsa, “halokatli” harbiy mag‘lubiyat kutilayotgani haqida ogohlantirdi va o‘z fuqarolariga Yaponiyaga borishdan voz kechishni tavsiya qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tokio Xitoyning Yaponiyadagi elchisini chaqirib, yuqori lavozimli xitoylik diplomatning Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi haqida yozgan posti uchun norozilik bildirgan. Takaichi o‘tgan hafta parlamentda qilgan bayonotida, agar Xitoy Tayvanga hujum qilsa, bu “yashashga tahdid soluvchi vaziyat” deb baholanishi va Tokiodan harbiy javob qaytarilishini aytgani diplomatik mojaro keltirib chiqargan edi.
2025 yilning 8 noyabr kuni Xitoyning Osakadagi bosh konsuli Syue Szyan X ijtimoiy tarmog‘ida Takaichi bayonotlari haqidagi maqolani ulashib, keyinchalik o‘chirib tashlangan postida: “Bunga aralashgan iflos bo‘yinni kesib tashlash kerak”, deb yozgandi.
Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Syuening bu bayonotlarini “juda noo‘rin” deb atab, elchini chaqirgan. Ayrim yapon siyosatchilari Syueni quvib chiqarishga chaqirgan bo‘lsa-da, Tokio Pekindan “tegishli choralar ko‘rishni” so‘ragan.
Xitoy Mudofaa vazirligi vakili Szyan Bin aytishicha, agar Yaponiya Tayvan masalasiga kuch bilan aralashishga jur’at etsa, Xitoy Xalq ozodlik armiyasi tomonidan halokatli mag‘lubiyatga uchratiladi.
2025 yilning 20 noyabr kuni Xitoy TIV Yaponiyaning Xitoydagi elchisini qat’iy norozilik bildirish uchun chaqirdi. Bu ikki yildan beri birinchi marta sdir bo‘ldi – so‘nggi bor elchi 2023 yil avgust oyida “Fukushima-1” AES oqova suvlari dengizga chiqarilgani sabab chaqirilgan edi.
Xitoy TIV Yaponiyaning harbiy yo‘nalishdagi harakatlaridan, jumladan, yadro qurolidan foydalanmaslik tamoyillaridagi noaniqlikdan xavotir bildirgan. TIV vakili Lin Szyan Yaponiya atom suvosti kemalarini xarid qilishni istayotgani siyosatning salbiy tomonga o‘zgarganidan dalolat berishini aytgan.
14 noyabr kuni kechqurun Xitoy TIV fuqarolarga Yaponiyaga safar qilishdan tiyilish haqida murojaat qildi, bunga munosabatlarning yomonlashuvi va sezilarli xavflar sabab sifatida ko‘rsatildi.
Xitoyning “Jenmin Jibao” gazetasi Yaponiya tez sur’atlarda harbiy kuchini oshirayotgani, agressiya tarixini poklab ko‘rsatishga harakat qilayotgani va militarizmni qayta tiklashga urinayotganini tanqid qildi.
Yaponiyaning NTV telekanali xabariga ko‘ra, Tokiodagi Xitoy elchixonasi xodimlarga ortib borayotgan antixitoy kayfiyat tufayli ko‘chaga chiqmaslik bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Live
Barchasi