Mbappe jarohat sabab Fransiya terma jamoasi lagerini tark etdi
Sport
−
14 noyabr 1136 2 daqiqa
“Real Madrid” hujumchisi Kilian Mbappe o‘ng to‘pig‘idagi yallig‘lanish tufayli Fransiya terma jamoasi lagerini tark etdi. Endi u Ozarbayjonga qarshi bo‘ladigan navbatdagi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Bu haqda Fransiya futbol federatsiyasi (FFF) xabar berdi.
Federatsiya xabariga ko‘ra, Mbappening to‘pig‘ida bir necha kundan beri noqulaylik davom etayotgan bo‘lgan. Shu sabab Fransiya futbolchiga klubiga qaytishga ruxsat bergan. U Madridga qaytgach, “Real Madrid” shifokorlari tomonidan qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlardan o‘tadi.
Mbappe o‘zining so‘nggi o‘yinida, Ukrainaga qarshi JCH-2026 saralash uchrashuvida dubl qayd etib, jamoasi bilan Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Aynan o‘sha o‘yin yakunida hujumchi o‘ng to‘pig‘ida og‘riq sezgan.
Dastlabki tibbiy ko‘rikdan so‘ng FFF shifokorlari Mbappening holatini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun uni Madridga qaytarish yuzasidan qaror chiqargan. FFF bayonotida aytilishicha, terma jamoa safidagi yana ikki futbolchi Manu Kone va “Real Madrid” yarim himoyachisi Eduardo Kamavinga ham jarohatlar sabab jamoani tark etib, klublariga qaytishgan. Shu tariqa, Fransiya terma jamoasi Ozarbayjonga qarshi o‘yinda bir qator asosiy futbolchilarsiz maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 noyabr kuni Fransiya terma jamoasi sardori Kilian Mbappe 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichida Ukrainaga qarshi bahsda faoliyatidagi 400-golni urishga erishgan edi.
Live
Barchasi