Peruda muvaqqat prezident saylovga 2 oy qolganida lavozimidan chetlatildi
Olam
−
18 fevral 769 2 daqiqa
Peru Kongressi mamlakat muvaqqat prezidenti Xose Xerini lavozimidan chetlatish uchun ovoz berdi. U korrupsiya va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumon qilinib tergov qilinmoqda. Qaror umumiy saylovlarga ikki oydan kam vaqt qolganida qabul qilindi. Bu haqda bugun, 18 fevral kuni “Associated Press” xabar berdi.
Parlament ma’lumotiga ko‘ra, Xerining iste’fosi uchun 75 deputat ovoz bergan, 24 nafari qarshi chiqqan, yana uch deputat betaraf qolgan.
Xose Xeri 2025 yil 10 oktyabrdan buyon muvaqqat prezident lavozimida ishlab kelayotgan edi. U mamlakatda jinoyatchilik kuchaygani fonida Dina Boluarte lavozimidan chetlatilgach, ushbu mansabni egallagan. Uning iste’fosi 2016 yildan beri Peruda davom etayotgan siyosiy inqirozning navbatdagi epizodiga aylandi – shu davr ichida mamlakatda yettita prezident almashgan.
Tergov 2025 yil dekabr oyida Xerining ikki nafar xitoylik tadbirkor bilan o‘tkazgan norasmiy uchrashuvi haqidagi hisobot sizib chiqishi bilan bog‘liq. Ulardan biri amaldagi davlat shartnomalariga ega, ikkinchisi esa noqonuniy o‘rmon kesish ishi bo‘yicha tergov qilinmoqda. Xeri ayblovlarni rad etib, uchrashuv madaniy tadbir tayyorgarligiga bag‘ishlanganini ta’kidlagan.
Endi parlament deputatlar orasidan yangi muvaqqat prezidentni saylashi kerak. U 12 aprelga belgilangan saylovlar g‘olibi 28 iyul kuni hokimiyatni qabul qilib olguniga qadar davlat rahbari vazifasini bajaradi. Xeri esa amaldagi chaqiriq muddati yakuniga qadar Kongressdagi faoliyatini davom ettiradi.
Yangi muvaqqat yetakchi nomzodi bo‘yicha ovoz berish parlament fraksiyalari o‘z nomzodlarini ro‘yxatdan o‘tkazgach, bugun 18 fevral kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peru sudi mamlakat sobiq prezidenti Martin Viskarrani pora olishda aybdor deb topgani va unga 14 yillik qamoq jazosi tayinlagani haqida xabar berilgan edi.