Putin Rossiyaga borishni xohlamagan Aliyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
Olam
−
24 dekabr 2944 1 daqiqa
Bugun, 24 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Tegishli telegramma Kremlning rasmiy saytida e’lon qilindi.
“Hurmatli Ilhom Haydarovich, sizni tug‘ilgan kuningiz bilan samimiy muborakbod etaman”, deyiladi tabriknomada.
Rossiya yetakchisining ta’kidlashicha, Aliyev rahbarligida Ozarbayjon ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda umumiy e’tirof etilgan yutuqlarga erishdi va bugun mamlakat xalqaro maydonda o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab kelmoqda.
Putin, shuningdek, Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik, qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat an’analari asosida shakllanganini qayd etgan. U bu aloqalar strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida rivojlanishini ta’minlashga ishonch bildirgan.
Tabrik oxirida Rossiya Prezidenti mavqedoshiga sog‘liq, farovonlik va muvaffaqiyatlar tilagan.
Ma’lumot uchun, Ilhom Aliyev – Ozarbayjon Respublikasining to‘rtinchi Prezidenti, uchinchi prezident Haydar Aliyevning o‘g‘li. U besh marta davlat rahbari saylovlarida g‘olib chiqqan. Bugun, 24 dekabrda u 64 yoshga to‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlarining Sankt-Peterburgdagi norasmiy sammitida qatnashishdan bosh tortgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi