Surxondaryoda “zamhokim” o‘qituvchilardan pul yig‘ishga topshiriq berdi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Jarqo‘rg‘on tumanidagi 33-sonli umumta’lim maktabi pedagog xodimlaridan pul mablag‘lari majburiy tartibda yig‘ilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ushbu xabarlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida o‘qituvchilardan “Ramazon ehsoni” bahonasi bilan pul yig‘ish kerakligi aytiladi.

Holat tumandagi 33-umumta’lim maktabida kuzatilgan. 20 fevral kuni muassasa direktori Oysara Uzoqova tomonidan maktabning Telegram’dagi guruhida topshiriq berilgan.

Topshiriqni Jarqo‘rg‘on tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Rajabov bergani aytilgan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan tegishli idoralar mas’ullari ishtirokida xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida barcha holatlar atroflicha o‘rganilib, hujjatlar tahlil qilingan hamda mas’ul shaxslarning tushuntirishlari olingan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, mansabdor shaxs tomonidan berilgan ko‘rsatma amaldagi qonunchilik talablariga to‘liq muvofiq kelmagani aniqlanib, ixtiyoriylik tamoyiliga rioya etilmagani xizmat tekshiruvi xulosasida qayd etilgan.

Mazkur xulosaga asosan mas’ul shaxsga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy chora qo‘llanilgan. Shuningdek, mas’ul shaxsga kelgusida xizmat vakolatlarini amalga oshirishda qonuniylik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilish yuzasidan rasmiy ogohlantirish berilgan.

“Shu o‘rinda har qanday xayriya yoki ehson tadbirlari faqat ixtiyoriylik asosida, hech qanday bosim va majburlashsiz, amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar doirasida amalga oshirilishi shartligini eslatib o‘tamiz hamda kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida barcha rahbar va mas’ul xodimlar bilan qo‘shimcha huquqiy tushuntirish ishlari olib borilayotgani, ichki nazorat tizimi yanada kuchaytirilganini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo Jarqo'rg'on

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing