Turkiyada o‘zbekistonlik ayolning o‘ldirilishi ortidan norozilik aksiyasi o‘tkazildi (video)

3-sahifa

image

Avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayol boshqa 2 nafar o‘zbekistonlik erkak tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilgani va chiqindi konteyneriga tashlab ketilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur voqea ortidan bugun, 26 yanvar kuni ayollar Turkiyaning Anqara va Istanbul shahrida qotillik va jazosizlik siyosatiga qarshi norozilik aksiyasi o‘tkazdi.

“Bu voqea jazosizlik siyosatining, ayollar qotilligiga ko‘z yumilishining va adliya tizimi ishlamayotganining oqibatidir. Jinoyatchilar jazolanmasligiga shunchalik ishonishadiki, shaharning qoq markazida, hammaga ko‘rinib turgan chiqindi konteyneriga o‘ldirilgan ayolning jasadini tashlay olishyapti. Hali hatto ismini ham to‘liq bilmagan ayol do‘stimizning haqqini talab qilamiz, jinoyatchilar munosib jazoni olishini ta’minlaymiz va jarayonni kuzatib boramiz. Ayollar jasadlari konteynerlardan topilayotgan bu tuzumni o‘zgartiramiz, ayollar qotilligini to‘xtatamiz”, deyiladi “Ayollar qotilligini to‘xtatamiz” platformasi bayonotida.

Norozilik aksiyasi Istanbulda mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da Osmanbey metro bekati yaqinida, Anqarada esa Yuksel ko‘chasi Inson huquqlari haykali oldida boshlangan. Ayollar jasad topilgan Kuyulubog‘ ko‘chasiga yurish qilib, erkaklar zo‘ravonligiga qarshi “Muhojir ayollar yolg‘iz emas” deya shiorlar aytgan.

Shiorlar ostida yurish qilgan ayollar “Erkak zo‘ravonligiga barham ber”, “Xavfsiz va erkin hayot istaymiz”, “Ayollar qotilligi — siyosiy masala”, “Shishlida bir yilda 3 ayol qotilligi”, “Muhojir ayollar yolg‘iz emas” va “O‘ldirilgan ayollarning hisobini so‘raymiz” degan yozuvli plakatlarni ko‘targan.

“Kecha Istanbulning qoq markazi – Shishlida ayol do‘stimizning jonsiz tanasi chiqindi konteyneridan topildi. Uning tanasi bo‘laklarga bo‘lingan edi. O‘ldirilgan ayol 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimova ekanini bildik. Jinoyatchilar kecha chet elga qochishga urinayotgan paytda aeroportda qo‘lga olindi.

Durdonaning o‘limiga hokimiyat mas’ul. Agar ayollarning hatto Istanbul markazida ham yashash huquqi tortib olinayotgan bo‘lsa, bu shu hokimiyatning natijasidir. Jinoyatchi ko‘rsatmasida Durdona bilan o‘sha kuni tanishganini, munosabatlari bo‘lganini, janjallashib qolib, keyin o‘ldirganini aytmoqda. Buni aytish qanchalik oson, shunday emasmi? Ammo bir ayol o‘ldirildi. Bu ko‘rsatma boshidan oxirigacha jazoni yengillashtirishga qaratilgan. Durdona muhojir edi. Balki ishlash uchun kelgandir, orzulari bor edi, yangi hayot qurmoqchi edi. Bu orzular uning qo‘lidan tortib olindi. 2025 yilda 294 ayol o‘ldirildi. Ularning barchasi bugun oramizda bo‘lishi mumkin edi”, deya bayonot bergan mahalliy ayollar aksiya davomida.

Hibsdagi shahar hokimidan bayonot

2025 yil 23 martdan beri qamoqda bo‘lgan Shishli tumani hokimi Rasul Emrah Shahan Silivri qamoqxonasidan ushbu qotillikka munosabat bildirgan. U ayollar qotilligi jazosizlik va beparvolik sabab “qirg‘in”ga aylanayotganini qayd etgan.

“Kecha Shishlida 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimovaning vahshiylarcha o‘ldirilgani haqidagi xabar bugun Silivrida menga yetib keldi. Ayollar qotilligi jazosizlik, beparvolik va sukut tufayli tobora kuchayib borayotgan qirg‘inga aylanmoqda. Bu muammoni mahalladan boshlab huquq-tartibot, ijtimoiy xizmatlar, munitsipalitet va markaziy idoralar hamkorlikda hal qilishi kerak. Devorga qarab o‘ylayman: ayollarni, qiz bolalarni, Durdonalarni, Shirinlarni qanday himoya qilamiz? Bu jinoyatning ochilishi va aybdorlarning eng og‘ir jazoga tortilishi ortidan boraman. Shishli, Istanbul va butun mamlakat ko‘chalari ayollar uchun xavfsiz bo‘lmaguncha, bizga tinch uyqu yo‘q”, degan u.

Vahshiy qotillik

joriy yilning 24 yanvar kuni kechasi Istanbulning Shishli tumani Duatepe mahallasida dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Mahalliy vaqt bilan soat taxminan 19:40 larda hududda chiqindi yig‘ish va qog‘oz terish bilan shug‘ullanib yuradigan Okan ismli shaxs Kuyulubog‘ ko‘chasi, 25-uy oldidagi axlat konteynerini kovlar ekan, choyshab va paketlarga o‘ralgan jasadni payqab qolgan. U holat haqida xabar berish uchun politsiya bo‘limiga borib, ko‘rganlarini aytib bergan.

Okanning aytishicha, u hodisa vaqtida konteynerni kavlayotganida qora paketni ko‘rgan, paketni yirtganida qon va inson jasadiga ko‘zi tushgan hamda jasad hali issiq ekanini sezgan. Shundan so‘ng Feriko‘y politsiya bo‘limiga borib holatni ma’lum qilgan, politsiya xodimlari ham voqea joyiga kelib, jasadni konteyner ichida ko‘rgan. U politsiya bilan birga yana hodisa joyiga qaytgan. Dastlabki ko‘zdan kechirishda jasadning boshi kesilgan bo‘lib, ayol kishiga tegishli ekani taxmin qilingan.

Qotillik bo‘limi detektivlari olib borgan tekshiruvlar davomida yana bir guvohning ko‘rsatmasi olingan. Guvohning aytishicha, soat 19:00 lar atrofida u onasini ko‘rish uchun mazkur ko‘chaga kelgan va shu paytda axlat konteyneri oldida soqolli ikki erkakning chamadon bilan kutib turganini ko‘rgan.

Shuningdek, gumonlanuvchilarning jasadni chamadon ichida olib kelib tashlagan lahzalari aks etgan kuzatuv kamerasi tasvirlari ham aniqlangan. Kadrlarida ikki shaxs qo‘llarida chamadon bilan konteyner yoniga kelayotgani ko‘rinadi.

Detektivlar hodisa joyida olib borgan ishlar chog‘ida jasadning tanasi solingan konteynerda bosh va oyoqlar yo‘qligini aniqlagan. Jasad solingan deb taxmin qilingan chamadon esa bir necha ko‘cha naridagi Bozkurt ko‘chasidagi boshqa axlat joyidan topilgan.

Hodisa joyi buzilmasligi uchun jasad konteynerdan chiqarilmagan, shu sababli tananing to‘liq holati joyida batafsil baholanmagan. Hudud xavfsizlik halqasiga olinib, Qotillik bo‘limi va Hodisa joyini ko‘zdan kechirish bo‘limiga xabar berilgan va keng qamrovli tergov boshlangan.

Jamoat xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida barmoq izi orqali ayolning shaxsi aniqlangan. U O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimova ekani ma’lum bo‘lgan. Jasad ko‘zdan kechirilganda uning ustida qora rangli kurtka, qora rangli uzun yengli svitshot, qora ichki kiyim bo‘lgani va oq choyshabga o‘ralgan holatda ekani aniqlangan. Marhumaning shaxsi barmoq izi orqali tasdiqlangan.

Kamera yozuvlari va guvohlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, hodisa joyidagi axlat konteyneriga qoramtir kiyimdagi, soqolli ikki erkak och rangli chamadon bilan kelgani, keyin yana chamadon bilan piyoda ko‘chadan chiqib ketgani, gumonlanuvchilar chamadonni hodisa joyiga yaqin bo‘lgan Bozkurt ko‘chasi tomon tashlab ketgani aniqlangan.

Istanbul politsiyasi Istanbul aeroportida Gruziyaga qochmoqchi bo‘lgan paytda ikki nafar qotillikda gumonlanuvchini qo‘lga olgan. Ularning ikkalasi ham O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum bo‘lgan. Razvedka bo‘limi va Qotillik bo‘limi tomonidan bir necha soat ichida ushlangan gumonlanuvchilardan biri qotillikni bevosita sodir etgan, ikkinchisi esa yordam bergani aniqlangan.

Qotillikni sodir etgan D.T. ko‘rsatma bergan.

“Durdona Hakimova bilan voqea kuni tanishganmiz, oramizda munosabat boshlangan. Janjallashib qoldik va men uni pichoq bilan o‘ldirdim. Keyin do‘stim bilan birga jasadni bo‘laklarga ajratdik. Jasad qismlarini alohida paketlab, chamadon ichiga joyladik. So‘ng tijorat taksisi bilan Shishli tumaniga keldik va jasad hamda uning qismlarini turli axlat konteynerlariga tashlab yubordik”, deydi u.

Gumonlanuvchilarning aeroportdan qochishga uringan paytda qo‘lga olingan lahzalari ham tasvirlarga tushgan. Shuningdek, gumonlanuvchilar foydalangan taksini boshqargan shaxs ham qo‘lga olingan. Shu tariqa ish bo‘yicha hibsga olinganlar soni 3 nafarga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul qotillik Durdona Hakimova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing