Fidan Ukrainadagi urush tugashiga oz qolganini aytdi
Olam
−
16 noyabr 9557 2 daqiqa
Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari istiqboli allaqachon ko‘rinib turibdi va ular Turkiyada bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan “A Haber” telekanali orqali shunday fikr bildirdi.
“Turkiyada Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari stoli tez orada o‘rnatiladimi? Biz hozir shunday deb ishonamiz. Turkiyada ham shunday bo‘lishiga ishonaman. Bu boshqa joyda ham bo‘lishi mumkin, ammo ishonchim komilki, tinchlik vaqti keldi”, dedi vazir.
Uning qayd etishicha, Anqaraning Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish borasidagi siyosati boshidanoq izchil bo‘lgan.
“Amerika va Yevropada urushning tugashini istamaydigan nufuzli doiralar bor. Donald Tramp ma’muriyati hokimiyatga kelishi bilan Amerika mohiyatan biz bilan bir xil xulosaga keldi”, deb ta’kidladi Fidan.
U Ukraina mojarosiga barham berish bo‘yicha Yevropa yetakchilarining pozitsiyasida o‘zgarishlar bo‘lganini qo‘shimcha qilib, yaqinda Anqarada Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Germaniya kansleri Fridrix Mers o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarni eslatib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 noyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Kislitsa “The Times” gazetasiga bergan intervyusida Rossiya va Ukraina o‘rtasida shu yil davomida bo‘lib o‘tgan tinchlik muzokaralari natija yo‘qligi sababli to‘xtatilganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilning yozidan beri Kiyev xalqaro hamkorlarni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga bosimni kuchaytirishga va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan shaxsiy uchrashuvga undashga urinib kelgan.
Live
Barchasi