Putin va Zelenskiy baribir uchrashmaydi – Mers

Olam

image

Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushini tugatishga urinishda ushbu davlatlar Prezidentlari Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putinning shaxsiy uchrashuvi bo‘lib o‘tmaydi. Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers kecha, 28 avgust kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

“Prezident Zelenskiy va Prezident Putin o‘rtasidagi uchrashuv aniq bo‘lmasligiga asoslanib, bugun bu masalani yana bir bor ko‘rib chiqishimiz kerak”, dedi Mers diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirish haqida gapirar ekan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “o‘tgan hafta Prezident Tramp va Prezident Putin o‘rtasida kelishilganidan” va Tramp bilan Vashingtondagi uchrashuvda muhokama qilingan narsalardan farq qiladi.

O‘tgan hafta boshida Putin bilan telefon suhbatidan so‘ng Tramp Rossiya va Ukraina Prezidentlari uchrashuvi rejasi ishlab chiqilayotganini aytdi. Kreml, o‘z navbatida, faqat delegatsiyalar darajasini oshirishga tayyorligini e’lon qildi.

Mers avvalroq Moskva bu masalada “kechiktirish strategiyasi”ga murojaat qilib, uchrashuvni ma’qullashni ma’lum dastlabki shartlar bilan bog‘lab qo‘yganini ta’kidlagan edi.

“Putin bu uchrashuvni Ukraina nuqtai nazaridan ham, bizning shaxsiy nuqtai nazarimizdan ham, mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan dastlabki shartlar bilan bog‘lashni to‘g‘ri deb hisoblaydi”, deya ta’kidladi Germaniya hukumati rahbari.

Xuddi shunday fikrni avvalroq Moskvaning muzokaralarga tayyorligiga shubha bilan qaraydigan Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful ham bildirgan edi.

“Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar yaqin kelajakda bo‘lib o‘tishiga menda jiddiy shubha bor”, dedi Vadeful Germaniyaning “Focus” haftalik nashriga bergan intervyusida.

Ma’lumot uchun, 15 avgust kuni Alyaskada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv va 18 avgustda Yevropa yetakchilarining Oq uyga tashrifidan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uy Rossiya va Ukraina Prezidentlarining shaxsiy uchrashuviga tayyorgarlik ko‘ra boshlaganini aytdi. Biroq Moskva buni tasdiqlamadi va muzokaralar “darajasini oshirish”ga rozilik haqidagi bayonot bilan cheklandi.

Ko‘p o‘tmay, Kreml vakillari o‘z bayonotlari bilan Moskvaning Ukrainaga qo‘ygan ultimatum talablari o‘zgarmaganini ko‘rsatdi. Kreml Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni o‘tkazishni to‘g‘ridan to‘g‘ri rad etmadi, biroq u yaqin kelajakda uchrashuv o‘tkazmoqchi emasligini aniq bildirdi.

Shu fonda Tramp 22 avgust kuni ikki hafta ichida Moskva va Kiyevning keyingi harakatlariga qarab Ukrainadagi urush bo‘yicha “juda muhim qaror” qabul qilishini aytdi. Biroq, AQSH Prezidenti ta’kidlaganidek, u mojaro taraflariga nisbatan sanksiyalar yoki tariflar qo‘yishi yoki “hech narsa qilmasligi” mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham 26 avgust kuni kechki videomurojaatida Rossiya tomoni bilan muzokaralar Turkiyada o‘tkazilishi mumkinligini aytgandi. Bungacha ularning uchrashuvi Vengriyada o‘tkazilishi mumkinligi xabar qilingandi. Biroq Zelenskiy buni rad etdi. U Avstriya, Shveysariya yoki Turkiyada uchrashuv o‘tkazishga rozi, ammo Vengriya yoki Rossiyada emas.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Vladimir Zelenskiy Fridrix Merts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing