X’ning Fransiyadagi ofisida tintuv o‘tkazildi
Olam
−
03 fevral 1107 2 daqiqa
Fransiyada huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ining mamlakatdagi ofisida tintuv o‘tkazmoqda. Bu haqda BFMTV xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, tintuv Parij prokuraturasi huzuridagi kiberjinoyatchilik bo‘limi tomonidan Milliy jandarmeriyaning kiberjinoyatchilik bo‘limi hamda Yevropol bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Mazkur tadbirlar 2025 yil yanvar oyida boshlangan tergov doirasida tashkil etilgan.
Qayd etilishicha, ushbu tergov ijtimoiy tarmoqlar faoliyati bilan bog‘liq ehtimoliy qonunbuzarliklarni aniqlashga qaratilgan.
Ma’lum qilinishicha, Fransiya prokuraturasi X platformasining amaldagi va qonuniy rahbari Ilon Mask hamda kompaniya bosh direktori Linda Yakkarino 2026 yil aprel oyida ixtiyoriy so‘roqlarda ishtirok etishga taklif qilgan. Shuningdek, X’ning bir qator xodimlari 2026 yil 20-24 aprel kunlari guvoh sifatida ko‘rsatma berish uchun chaqiriladi.
Ma’lumot uchun, 2025 yil yanvar oyida Fransiya prokuraturasi X platformasini xorijiy aralashuvida algoritmlardan foydalanganlikda ayblanganidan so‘ng tergov boshlagan. Ayblovlar Fransiya parlamenti a’zosi va yuqori lavozimli amaldor tomonidan berilgan ikki shikoyat asosida ilgari surilgan. 2025 yil iyul oyida ish materiallari Fransiya politsiyasiga topshirilgan. O‘sha oyda X kompaniyasi rasmiylar ayblovlarini rad etgan.
Parij prokuraturasi platformaning tavsiya algoritmi, shuningdek, “platformadagi barcha foydalanuvchi nashrlari” bo‘yicha ma’lumotlarga kirishni talab qilgan.
Shu bilan birga, Ilon Maskka tegishli xAI kompaniyasi tomonidan yaratilgan Grok chatboti ham Yevropa Ittifoqi rasmiylari e’tiborini tortgan. Yevropa Komissiyasi ushbu sun’iy intellekt vositasi odamlarning fotosuratlarini o‘zgartirishi, jumladan, erotik dipfeyklar yaratishi mumkinligi bo‘yicha tergov boshlagan. “Reuters” xabariga ko‘ra, Grok ayrim holatlarda X platformasiga integratsiya qilingan holda foydalanuvchi so‘roviga binoan yarim yalang‘och ayollar va voyaga yetmaganlarga oid tasvirlarni ham taqdim etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya hukumati Ilon Maskka tegishli X ijtimoiy tarmog‘iga nisbatan keskin choralar ko‘rishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi