Havo iflosligi sabab poytaxtdagi maktab va universitetlar yopildi. Eronda!

Olam

image

Eron poytaxti sanalmish Tehron shahrida havoning juda ifloslanishi sababli 25-26 noyabr kunlari maktab va universitetlar yopildi hamda poytaxtda masofadan ishlash rejimi joriy qilindi. Bu haqda “The Muniche Eye” xabar berdi.

Ichki ishlar vazirligiga qarashli havo ifloslanishi bo‘yicha favqulodda vaziyatlarni muvofiqlashtirish ishchi guruhi 24 noyabr kuni ushbu qarorni qabul qilib, Firuzkuh tumanidan tashqari Tehronning barcha ta’lim muassasalarini masofaviy o‘quvga o‘tkazish haqida ma’lumot bergan. Davlat va xususiy muassasalar xodimlariga, favqulodda, tibbiy, operativ, harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlaridan tashqari, uyda ishlashga ruxsat berilgan.

OAV xabariga ko‘ra, bank filiallari ham cheklangan miqdorda ishlashni boshlagan. 
Transport harakati 06:30 dan 20:30 gacha cheklangan. Shaxsiy avtomobillar shahar aholisining taxminan 9 million kishi yashaydigan ayrim hududlariga kirish taqiqlangan.

Yuk tashuvchi transport vositalarining harakati ham taqiqlangan, faqat tez buziluvchi mahsulot yoki yoqilg‘i tashuvchi transportlar bundan mustasno. Qum va shag‘al konlari hamda sement zavodlariga ishni to‘xtatish bo‘yicha buyruq berilgan.

24 noyabr kuni Tehron shahrida havoning sifat indeksi 170 dan oshgan, bu esa barcha insonlar uchun zararli deb hisoblanadi.

Tehron shahrida havoning sifati odatda sovuq oylar davomida yomonlashadi, ayniqsa shamol yoki yomg‘ir kam bo‘lgan paytlarda. Ifloslanishning asosiy sababi – temperaturaviy inversiya bo‘lib, eski avtomobillar va ba’zi zavodlar chiqindilari bu jarayonni kuchaytiradigan asosiy omillar hisoblanadi.

Qayd etish joiz, mamlakatda kuzatilayotgan iflos havo bilan bir vaqtda Tehronni suvsizlik ham qiynamoqda. Eronda yomg‘ir so‘rab, jamoat namozlari ham o‘qildi. Yomg‘ir bir paytning o‘zida suvsizlik masalasiga ham, havo ifloslanishi muammosiga ham barham berishi mumkin. 

Havo ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri ham havas qilsa arzigulik darajada emas va hattoki, Tehrondan ham yomon ahvolda. IQAir portalining bugun, 26 noyabr kungi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent havo iflosligi bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinni egallamoqda. Tehron esa 9-pog‘onada turipti. 

Eslatib o‘tamiz, 28 noyabr kuni juma namozidan keyin O‘zbekistondagi masjidlarda ham yomg‘ir so‘rab, jamoat bilan ikki rakat istisqo namozi o‘qilishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tehron Havo iflosligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing