Eron poytaxti baribir ko‘chiriladigan bo‘ldi (video)
Olam
−
21 noyabr 7297 2 daqiqa
Kecha, 20 noyabr kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon poytaxtni Tehrondan ko‘chirish zarurati tug‘ilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Farsnews” xabar berdi.
Eron poytaxtining Tehrondan ko‘chirilishi masalasi atigi bir necha hafta ichida keskin o‘zgarishlarga uchradi. Avvaliga rasmiylar bu masala kun tartibidan olinganini e’lon qilgan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmay Prezident Mas’ud Pezeshkiyon poytaxtni ko‘chirish “majburiy choraga aylanganini” ma’lum qildi.
Oldinroq, hukumat vakili Ali Abdulalizode Tehronga Fors ko‘rfazidan suv yetkazuvchi ming kilometrlik megaloyiha ishga tushirilgani uchun poytaxtni ko‘chirish masalasi bekor qilinganini aytgan edi.
Ammo Prezidentning keyingi chiqishlari vaziyatning jiddiyligini ochiq ko‘rsatdi.
“Bugun real vaziyat shuki, bizda boshqa yo‘l qolmadi. Poytaxtni ko‘chirish majburiy choradir. Agar yer kuniga 30 santimetr cho‘kayotganini aytsak, bu falokatdir”, dedi u.
Prezident bu holatni “milliy halokat” deb atab, ekologik muammolarni jamoatchilik, amaldorlar va ilmiy doiralar har kuni muhokama qilishi zarurligini aytdi.
Eron meteorologiya tashkilotlari huzuridagi Milliy ob-havo bashorati markazining ma’lum qilishicha, butun mamlakat bo‘ylab yog‘ingarchilik miqdori uzoq yillik o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 89 foizga kamaygan. Joriy kuz Eron uchun so‘nggi 50 yildagi eng quruq mavsum bo‘ldi.
Noyabr boshida ikki hafta ichida Tehronda ichimlik suvi tugashi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Pezeshkiyon poytaxtning 15 million aholisi evakuatsiya qilinishi ehtimolini ham tan olgandi.
Shuningdek, Eron rasmiylari mamlakatda yog‘ingarchilikni sun’iy chaqirish maqsadida bulutlarni ko‘paytirish texnologiyasini qo‘llashni boshlaganini bildirdi.
Ayni paytda Eron hukumatining keyingi qarori va ko‘chirish jarayonining qaysi hududga yo‘naltirilishi haqida rasmiy ma’lumotlar kutilmoqda.
Komila Qobilova
Live
Barchasi