Hajga borgan 8 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi 

Jamiyat

image

“Haj-2025” mavsumi davomida jazirama oqibatida va surunkali kasalligi bo‘lgan 8 nafar o‘zbekistonlik Saudiya Arabistonida vafot etgan. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yildagi “Haj-2025” mavsumi davomida O‘zbekistondan 15 mingdan ziyod hojilarning Haj amallarini tartibli va namunali ado etishlari ta’minlangan. Mazkur tashkiliy ishlar O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasi va ishchi guruhi a’zolari hamda mamlakatning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi va Jiddadagi Bosh konsulxonasi ko‘magida amalga oshirilgan.

“Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston hukumati tomonidan “Haj-2025” mavsumini tayyorlash va tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan yuqori baholandi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, joriy yildagi Haj mavsumiga o‘zbekistonlik hojilarning Saudiya Arabistoniga borishi 13 maydan boshlanib, 30 mayga qadar davom etgan. Shuningdek, Haj ibodatlari tugaganidan so‘ng hojilarining O‘zbekistonga qaytib kelishi 12 iyundan boshlangan. So‘nggi hojilar 29 iyun kuni havo qatnovi orqali vataniga qaytgan. 

O‘zbekiston hojilariga yengillik yaratish maqsadida Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi Podshoh Abdulaziz xalqaro aeroportidan O‘zbekistonning bir qator viloyatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonlik hojilarning sog‘lig‘i va sihat-salomatligiga alohida e’tibor qaratish masalasida O‘zbekiston hukumati tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilishiga qaramay, bu yilgi Haj ibodati paytida kuzatilgan jazirama oqibatida va surunkali kasalligi bo‘lgan 4 nafar o‘zbekistonlik Saudiya Arabistonida vafot etgan.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasining ogohlantirishlariga qaramay bu yilgi Haj mavsumiga noqonuniy yo‘llar bilan borgan yana 4 nafar o‘zbekistonlik ushbu mamlakatda olamdan o‘tgan.

Bundan tashqari, Haj ibodati tugaganidan so‘ng Bosh konsulxonaga 40 nafardan ziyod ziyoratchilar xorijga chiqish pasportlarini yo‘qotgani bois O‘zbekistonga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish uchun murojaat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilgi Haj mavsumida ziyoratchilarga ellikboshilik qilayotgan Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi “Rakat” jome masjidi imom-xatibi Rabbimqul Muhammadiyev vafot etgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni Haj-2025

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing