Hindiston yana Rossiya neftini sotib olishni boshladi
Olam
−
02 dekabr 2269 2 daqiqa
Hindiston neftni qayta ishlovchi zavodlari Rossiya neftini katta chegirma bilan sotib oldi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Hindistonning davlat kompaniyalari – Indian Oil va Bharat Petroleum sanksiyalar ostiga tushmagan Rossiya kompaniyalaridan yanvar oyida yetkazib beriladigan neft xomashyosini sotib olgan.
Manbalarga ko‘ra, qancha partiya sotib olingani noma’lum, ammo ular bir barrelga (0,136 tonna) taxminan 5 dollarlik chegirma bilan olingan. Nashrning eslatishicha, bir oy oldin chegirma 3 dollar edi. Shuningdek, chegirma va tashish xarajatlarini hisobga olgan holda, Rossiya hozirda bir barrel neftdan o‘rtacha 40–45 dollar ishlab olishi aytilmoqda. Bu yetkazib berishlar BAA dirhamida to‘lanmoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, bu ma’lumotlar ayrim hind neftni qayta ishlash zavodlarining Rossiya neftiga ehtiyotkorona qaytishni boshlaganini ko‘rsatadi. Shunga qaramay, bozordagi bir martalik (spot) xaridlar hanuz cheklangan. Vashington va Nyu-Dehli savdo muzokaralarini davom ettirmoqda, neft xomashyosini yetkazib berish masalasi esa eng muvozanatli mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezident Donald Tramp Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi unga Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga tayyor ekanini bildirganini aytgan edi. AQSH Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Hindiston Rossiya neftini xarid qilmasa, vaziyat ancha yengillashadi. Tramp, shuningdek, Xitoy ham shunday qadam tashlashi kerakligini ta’kidlagan. Oradan biroz vaqt o‘tib esa, Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lganini bilmasligini aytdi.
Live
Barchasi