Hokim hokimni siyladi

Olam

image

Qirg‘izistonda O‘sh shahar hokimi Jenishbek Toktorboyev o‘zaro tajriba almashish maqsadida janubiy poytaxtga kelgan Qorako‘l shahar hokimligi delegatsiyasiga avtomashina sovg‘a qildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Delegatsiyaga boshchilik qilgan Qorako‘l shahar hokimi Qanibek Adiyevga 2025 yilda ishlab chiqarilgan yangi elektromobil kalitlari topshirilgan.

“Qorako‘llik mehmonlar kutilmagan sovg‘adan xursand bo‘lib, shahar hokimi Jenishbek Toktorboyevga minnatdorlik bildirdi va O‘sh hokimligi vakillarini Qorako‘lga taklif qildi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, tajriba almashish uchun kelgan qorako‘llik guruh O‘sh shahar hokimligi tasarrufidagi munitsipal korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishadi, ijtimoiy-madaniy ob’ektlarda bo‘ladi.

17 sentyabr kuni Prezident Sadir Japarov O‘sh shahar hokimi Jenishbek Toktorboyevga xizmat avtomashinasini sovg‘a qilgandi. Ochiq manbalarga ko‘ra, hokimga taqdim etilgan rasmiy avtomobil Xitoyda ishlab chiqarilgan, bozor qiymati 17-18 ming dollar bo‘lgan LiXiang 19 modelidir. Hozirgi kurs bo‘yicha bu taxminan 1 million 800 ming somni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avtomobil Prezident Sadir Japarov Jenishbek Toktorboyevga “xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani” uchun qattiq tanbeh berganining ertasiga sovg‘a qilindi. Hokimni jazolash uchun farmoyishga Prezident Sadir Japarov imzo chekkan edi. Unga ko‘ra, mamlakat Konstitutsiyasining 71-moddasi, Prezidentning 2025 yil 4 iyundagi 175-sonli “Siyosiy davlat lavozimlari, maxsus davlat lavozimlari va siyosiy munitsipal lavozimlar to‘g‘risida”gi farmonining 2-qismi 8-bandiga muvofiq, shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Mehnat kodeksining 88-moddasi 1-qismi 3-bandi bilan odob-axloq qoidalarini buzgan holda o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni to‘g‘ri bajarmagani uchun Jenishbek Shermamatovich Toktorboyevga qattiq tanbeh e’lon qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

O'sh Jenishbek Toktorboev Qanibek Adiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing