2 mlrddan ziyod bola yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfi ostida – Ziroatxon Mirziyoyeva
Jamiyat
−
25 Sentabr 2025 6016 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi, “Zamin” fondi vasiylik kengashi raisi Ziroatxon Mirziyoyeva dunyo bo‘ylab ikki milliarddan ziyod bolalar yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfi ostida yoki ulardan aziyat chekayotganini aytdi. Bu haqda u Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasining oliy darajadagi haftaligi doirasida o‘tkazilgan tadbirda so‘z ochdi.
“Saraton va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanligini oshirish va azob-uqubatlarini kamaytirish bo‘yicha global harakat” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda Ziroatxon Mirziyoyeva yuzaga kelayotgan fojialarning oldini olish uchun chora ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
“Hozirgi vaqtda dunyo bo‘ylab ikki milliarddan ziyod bolalar yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfi ostida yoki ulardan aziyat chekmoqda. Bu – sayyoramiz aholisining qariyb uchdan bir qismi demakdir. Millionlab bolalar saratonga qarshi kurashmoqda. Zamonaviy tibbiyot yutuqlariga qaramay, yashovchanlik darajasi turli mintaqalarda keskin farq qiladi: rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 80 foizdan yuqori bo‘lsa, rivojlanayotganlarda 30 foizdan ham past. Bunday tafovut mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat. Bunday fojialarning oldini olish uchun chora ko‘rishimiz zarur”, degan u.
Tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, Angola, Vetnam, Gvatemala, Serbiya birinchi xonimlari, Livan Bosh vazirining rafiqasi; JSST bosh direktori, EKOSOS prezidenti, Sent Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi prezidenti, Turkiya, Angola, Armaniston, Bangladesh, Mozambik, Dominikan Respublikasi, Nigeriya, Qozog‘iston, Qatar, Kongo, Qirg‘iziston, Malta, Mo‘g‘uliston, BAA, Peru, Tojikiston, Timor-Leste, Tuvalu, Chad, Yamayka sog‘liqni saqlash vazirlari, Vengriya, Indoneziya, Rossiya, Tanzaniya sog‘liqni saqlash tuzilmalari rahbariyati, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamjamiyati va fuqarolik jamiyati vakillari, og‘ir kasalliklarga chalingan bolalar ishtirok etdi. Ular orasida “Mehrli maktab” maktabining yosh bitiruvchisi va ko‘ngillisi Samira Idrisova o‘z hayoti haqida samimiy hikoya qilib berdi.

Ishtirokchilar adolatli, integratsiyalashgan va mahalliy resurslarga asoslangan sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish orqali 2030 yilga qadar saratonga chalingan bolalarning yashovchanlik ko‘rsatkichini 60 foizga yetkazish borasidagi qat’iy intilishlarini tasdiqladi. Shuningdek, bolalarda saraton kasalliklarini davolashdagi yutuqlarni qo‘llab-quvvatlash va o‘roqsimon hujayrali anemiyaga qarshi global tashabbusni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroatxon Mirziyoyeva Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori, doktor Tedros Adanom Gebreisus bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
Live
Barchasi