2026 yil O‘zbekistonda 1 mln kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi

Jamiyat

image

Joriy yilda O‘zbekistonda 1 million aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda bugun, 23 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda Prezident mavjud imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha hokimlar va “mahalla yettiligi”ga metodik bilim va tajriba yetishmayotgani, mas’ul vazirlik va idoralar esa ularga ko‘maklashmayotganini ko‘rsatib o‘tgan. 

Arnasoyda chorvachilik, Sho‘rchida banan yetishtirish, Quvada anorchilik, Bo‘stonliqda asalarichilik bo‘yicha aholi va tadbirkorlar yaratgan tajribalar shunday ixtisoslashuvga ega boshqa tumanlar uchun yaxshi namuna bo‘la olishi, lekin bundan unumli foydalanilmayotgani qayd etilgan. 

“Bunday tajribalar hamma joyda bor. Lekin ularni o‘rgatib, qamrovini kengaytiradigan tizim yo‘q!” deydi davlat rahbari. 

Yig‘ilishda mutasaddilarga bir oyda ishsizlik va kambag‘allik yuqori mahallalardagi imkoniyatlarni o‘rganib, ularga eng yaxshi tajribalarni olib kirish bo‘yicha “metodik qo‘llanma” qilib berish topshirilgan. Hokimlar esa joylarda buning ijrosini tashkil etib, odamlarni ishli qilish, daromadini ko‘paytirish, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topishga mas’ul va javobgar bo‘ladi. 

“Umuman, bu yil har bir vazirlik va hokimlikning faoliyati mahalla bilan bog‘lanadi, qabul qilinadigan qarorlarda ham mahallada nima o‘zgarishi nazarda tutiladi”, deydi Prezident. 

1 million aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingga yetkazish, ishsizlik va kambag‘allikni 4,5 foizga tushirish joriy yil uchun vazifa etib belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

kambag'allik doimiy ish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing