O‘zbekistonda 2030 yilgacha mutlaq kambag‘allikka barham berish imkoni bor – Mirziyoyev
Jamiyat
−
17 Sentabr 6311 2 daqiqa
2030 yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allikka to‘liq barham berish bo‘yicha yetarli imkoniyat bor. Bu haqda bugun, 17 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘tayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumida ma’lum qildi.
Prezident jamiyatning eng quyi bo‘g‘inigacha tushib, “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani o‘zini har tomonlama oqlaganini ta’kidladi.
Bildirilishicha, har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlash, daromadini oshirish uchun yetarli resurs ajratilgan. Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 2,5-3 milliard dollar yo‘naltirilmoqda.
Qishloq aholisini daromadli qilish uchun 235 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, odamlarga 30-50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmi joriy qilindi. Bu ishlar 800 ming odamning daromadini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
Lider tadbirkorlar ko‘magida tomorqada serdaromad ekinlarni ekish va kafolatli sotib olish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
“Bir so‘z bilan aytganda, har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimiz hisobiga O‘zbekiston 2030 yilga qadar kambag‘allikni 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti.
2030 yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor”, dedi Prezident.
Live
Barchasi