22 davlat Hormuz bo‘yicha qo‘shma bayonot berdi

Olam

image

22 davlat yetakchilari qo‘shma bayonot e’lon qilib, Eronni Hormuz bo‘g‘ozini yopgani va boshqa harakatlari uchun qoraladi. Ushbu hujjat kecha, 21 mart kuni BAA Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilindi.

Bayonotni BAA, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Yaponiya, Kanada, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Daniya, Latviya, Sloveniya, Estoniya, Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Chexiya, Ruminiya, Bahrayn, Litva va Avstraliya rahbarlari imzolagan.

“Biz Eronning Fors ko‘rfazidagi qurolsiz tijorat kemalariga, neft-gaz ob’ektlari kabi fuqarolik infratuzilmalariga qilgan hujumlarini hamda Hormuz bo‘g‘ozining Eron kuchlari tomonidan amalda yopib qo‘yilishini keskin qoralaymiz.

Nizoning keskinlashuvidan chuqur xavotirdamiz. Biz Eronni tahdidlarni, minalar o‘rnatishni, dron va raketalar yordamidagi hujumlarni hamda bo‘g‘ozni tijorat kemalari uchun to‘sib qo‘yishga bo‘lgan har qanday urinishlarni zudlik bilan to‘xtatishga va BMT Xavfsizlik Kengashining 2817-sonli rezolyutsiyasini bajarishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.

Hujjatda kema qatnovi erkinligi xalqaro huquqning asosiy tamoyili ekani alohida ta’kidlangan.

“Shu munosabat bilan biz fuqarolik infratuzilmalari, jumladan, neft-gaz ob’ektlariga hujum qilishga nisbatan zudlik bilan keng qamrovli moratoriy joriy etishga chaqiramiz.

Biz bo‘g‘oz orqali xavfsiz o‘tishni ta’minlash bo‘yicha tegishli sa’y-harakatlarga hissa qo‘shishga tayyormiz. Tayyorgarlik rejalashtirishida ishtirok etayotgan mamlakatlarning intilishlarini olqishlaymiz.

Xalqaro energetika agentligining strategik neft zaxiralarini muvofiqlashtirilgan holda muomalaga chiqarish qarorini qo‘llab-quvvatlaymiz. Energetika bozorlarini barqarorlashtirish uchun boshqa choralar, jumladan, ayrim ishlab chiqaruvchi davlatlar bilan qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha ish olib boramiz.

Shuningdek, eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlarga BMT va xalqaro moliya institutlari orqali yordam ko‘rsatish ustida ishlaymiz”, deya yakunlangan bayonot.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Yaponiya va Kanada Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat bo‘yicha qo‘shma bayonot bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron qo'shma bayonot Hormuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing