3 kunlik “Dunyo sadolari” yakuniga yetdi. Hokim festivalning asl maqsadini aytdi

Madaniyat-san’at

2025 yilning 15 avgustida boshlangan 3 kunlik an’anaviy “Dunyo sadolari” festivalining oxirgi kuni bo‘lib o‘tdi. Tadbirning birinchi oqshomiga 150 mingdan, ikkinchi kuni esa 200 mingdan ortiq odam tashrif buyurgan. So‘nggi kechada bu ko‘rsatkich 250 mingdan oshdi. Festivalning birinchi kuni “Arabesque” guruhi, Alisha Chinay, In-Grid va Munisa Rizayevalar chiqish qilgan bo‘lsa, ikkinchi kunda Imron, Shohruhxon, Sevinch Mo‘minova va Mustafo Sandallar kuyladi. Tadbirning so‘nggi kunida Jaloliddin Ahmadaliyev, Setora guruhi va jahon yulduzi Arash davrani qizdirdi.

“Eng asosiysi, birinchi kun 150 ming, kecha 200 ming, bugun 250 ming xalq keldi. Qo‘shni Qirg‘izistondan kiradigan postlardan raqamlarni olyapmiz, oddiy kunlarda Xonobod postidan 2,5 – 3 ming odam o‘tgan bo‘lsa, hozir 33 mingga chiqdi. Har bittasi kirayotganda nimadir sotib oladi, eng asosiysi, Xonobodda bugun odamlarimizning yashash madaniyati ham o‘zgaryapti festival orqasidan. Nega? Uy mehmonxonalari, mingdan ortiq dalahovlilar paydo bo‘lyapti. Bugun bitta dalahovlining bir sutkasi 300 AQSH dollari. Bu pulga kim turardi agar festival bo‘lmaganda? Qolaversa, festival uch kunlik san’at emas, biz bir oylik e’lon qilganmiz. Sport tadbirlari o‘tkazdik, “Bahodirlar o‘yini”ga 26 davlatdan kelishdi, har bitta sportchining orqasidan o‘nlab muxlislari kelyapti yoki kurash musobaqasini o‘tkazdik, 195 ta polvon qatnashdi. Ularni orqasidan odamlar keldi. Yana bir marta aytaman, albatta, hammasi Andijonda, Xonobodda turizmni rivojlantiryapti, hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanib boryapti”, dedi Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov.

Mehmon xonanda sifatida taklif etilgan eronlik qo‘shiqchi Arash esa O‘zbekistonda ilk bor 15-20 yil yil avval bo‘lganini, mamlakat to‘g‘ri yo‘lda jadallik bilan rivojlanayotganini ko‘rib sevinishini aytdi.

“Men hozir Toshkentda emas, mamlakat chekkasidaman, lekin bu yer menga juda yoqdi. Men O‘zbekistonni, o‘zbek xalqini sevaman. Men bu yerga ko‘p kelaman va doim do‘stona muhitni his qilaman. Umid qilamanki, bunday go‘zal joylarga safarlarim yana ko‘p bo‘ladi”, dedi u QALAMPIR.UZ jurnalistiga bergan intervyusida.

Shuhrat Abdurahmonov bu kabi tadbirlarning ahamiyati haqidagi savolga ham javob berib, “Dunyo sadolari” festivalini o‘tkazishdan asl maqsad Xonobodni turizm shahriga aylantirish, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish ekanini bildirdi.

“Festival uchinchi yil bo‘lyapti, uch yilda shunchalik nufuzi ortdi. Buning orqasida qancha xalqning Xonobodda iqtisodi yaxshilanyapti, qancha tadbirkorlik ko‘payyapti, qancha soliq tushumlari bo‘lyapti”, dedi u.

Biz tadbirda mikrofon tutgan qirg‘izistonlik mehmon, mutasaddilar ta’kidlaganidek, festivalda ishtirok etish uchun ataylab oilasi bilan qo‘shni respublikaning Jalolobod shahridan oilaviy kelganini va bunday tadbirlar fonida ikki xalqning do‘stligi hech qachon uzilmasligini tiladi. 

Shunday qilib, 3 kun davom etgan va umumiy hisobda 600 ming odam tashrif buyurgan 2025 yilgi “Dunyo sadolari” festivali o‘z nihoyasiga yetdi. Tadbirga qilingan sarf-xarajatlar va tushum tez orada ommaga e’lon qilinishi aytildi.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon Shuhrat Abdurahmonov Xonobod Dunyo sadolari Arash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing