AQSH Eron bilan urushda o‘ta muhim zaxiralarini sarflab bo‘ldi – FT
Olam
−
18:18 1060 2 daqiqa
AQSH Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlanganidan buyon bir necha yil davomida to‘plangan o‘ta muhim o‘q-dorilar zaxirasini sarflab yubordi. Bu haqda uchta xabardor manbaga tayanib, “Financial Times” (FT) nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, AQSH arsenalining tez sur’atlar bilan bo‘shab qolishi, birinchi navbatda, Tomahawk qanotli raketalari zaxirasining kamayishi bilan bog‘liq.
“Harbiy-dengiz floti ushbu xarajatlarning oqibatlarini bir necha yil davomida his qiladi”, deya iqtibos keltiradi gazeta o‘z manbasidan.
FT xabariga ko‘ra, yaqin kunlarda Pentagon Oq uy va Kongressga mudofaa ehtiyojlari uchun 50 milliard dollargacha qo‘shimcha mablag‘ ajratish to‘g‘risida rasmiy so‘rov yubormoqchi. Bozor ishtirokchilari ushbu so‘rov Kapitoliy tepaligida keskin bahslarga sabab bo‘lishini taxmin qilmoqda, chunki har ikki partiya qonunchilari bunday xarajatlarning ko‘lami va zarurligini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Respublikachi senator Liza Murkovski Pentagon to‘liq asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etishi kerakligidan ogohlantirgan.
“Pentagon Kongress bilan hamkorlik qilishi hamda so‘ralgan ma’lumot va asoslarni taqdim eta olishi shart”, deyiladi xabarda.
Operatsiya qiymati shiddat bilan ortib bormoqda. Pentagonning Kongress uchun yopiq brifingda bergan ma’lumotlariga ko‘ra, jangovar harakatlarning dastlabki olti kunida xarajatlar 11 milliard dollardan oshib ketgan. Ushbu mablag‘larning asosiy qismi o‘q-dorilarga sarflangan. Kunlik xarajatlar taxminan 1 milliard dollarni tashkil etmoqda.
28 fevralda boshlangan AQSH va Isroilning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi jiddiy geosiyosiy oqibatlarga olib keldi. Eron obektlariga berilgan zarbalar Tehrondan javob qaytarilishiga sabab bo‘ldi – u AQSHning Bahrayn, Qatar, Quvayt va BAA dagi bazalariga hujum qildi. Mojaro oqibatida Hormuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovi deyarli to‘xtab qoldi, bu esa jahon bozorida neft narxining bir barrel uchun 100 dollardan oshib ketishiga turtki bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Rossiya neft mahsulotlarini kemalarda tashishga qo‘yilgan ayrim cheklovlarni vaqtincha bekor qilgan edi.