AQSH Rossiyaga “halokatli” sanksiyalar tayyorladi

Olam

image

AQSHning Rossiyaga qarshi kiritilishi rejalashtirilgan yangi va “halokatli” sanksiyalari mamlakatni o‘zining asosiy savdo hamkorlaridan ajratib qo‘yishi mumkin. Bu haqda “Politico” xabar berdi.

Janubiy Karolinadan saylangan respublikachi senator Lindsi Grem Rossiya iqtisodiyotiga kuchli zarba beradigan sanksiyalar loyihasini Demokratlar partiyasidan bo‘lgan senator Richard Blumental bilan birga tayyorlagan. Bu loyiha Moskvaga Ukraina bilan tinchlik muzokaralaridan bosh tortgan taqdirda, Rossiya bilan savdo qilayotgan davlatlardan import qilinadigan mahsulotlarga 500 foizlik boj joriy etishni ko‘zda tutadi. Gap asosan Rossiya nefti, urani, gaz, neft mahsulotlari va boshqa xomashyo turlari haqida ketmoqda.

Nashrning yozishicha, bunday boj joriy etilishi AQSHni yirik jahon iqtisodiyotlaridan, jumladan Yevropadagi ittifoqchilaridan ham uzib qo‘yishi mumkin. 

Joriy haftada Grem agar biror davlat Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatsa, uni sanksiya xavfidan ozod qilishni taklif qilgan. Bu holatda Yevropa Ittifoqi (hozirda u o‘z importining qariyb 20 foizini Rossiya gazidan oladi) 500 foizlik bojdan mustasno qilinadi. Biroq mutaxassislar senatorning tashabbusiga shubha bilan qaramoqda.

Rossiyaning energiya resurslari eksportining qariyb 70 foizi Hindiston va Xitoyga to‘g‘ri keladi. Boj stavkalari bu davlatlarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Rossiyadan neft, gaz yoki uran xarid qilayotgan yana bir qancha boshqa davlatlar ham bu sanksiyalarga duch keladi. Ayniqsa, Xitoy mahsulotlariga 500 foizlik boj joriy etilishi AQSHda narxlarning keskin oshishiga, ta’minot zanjirlarining uzilishiga, ishsizlikning ko‘payishiga va Xitoy bilan savdoning to‘xtashiga olib kelishi mumkin. 

Shunga qaramay, loyiha Senatda keng ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘lib, 82 nafar qonunchi imzo qo‘ygan. Biroq ayrimlar bu qonun loyihasini tanqid qilmoqda. Masalan, Kentukkidan saylangan senator Pol Rend uni “yaxshi o‘ylab chiqilmagan qonun loyihasi” deb atagan. 

Senatdagi respublikachilar yetakchisi Jon Tyun Senat ushbu qonun loyihasini joriy yilning iyun oyi oxirida ko‘rib chiqishi mumkinligini aytgan. Respublika partiyasining senatorlari bu masalada Oq uyning roziligini olishni istamoqda. Rossiya hukumati esa G‘arb sanksiyalarini noqonuniy deb hisoblaydi va ularni bekor qilishni talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi allaqachon tayyorlanganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya sanktsiya Janubiy Karolina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing