AQSH sudi Suriyani 20 mln dollar jarimaga tortdi

Olam

image

AQSH sudi Suriya ustidan amerikalik sayohatchi Sem Gudvin foydasiga 20 mln dollardan ortiq miqdorda kompensatsiya to‘lovi tayinladi. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sayohatchi 2019 yilda Suriya hududida 63 kun davomida noqonuniy ravishda hibsda saqlangan.

AQSHning federal sudyasi Kollin Kollar-Kotelli tomonidan chiqarilgan hukmga ko‘ra, Suriyaga nisbatan 20 mln 201 ming 620 AQSH dollari miqdorida jarima tayinlangan. Shundan taxminan 10 mln dollari kompensatsion va jazolovchi to‘lovlarni tashkil etadi. Mazkur mablag‘lar, ehtimol, AQSHda mavjud Davlat terrorizm qurbonlariga to‘lovlar jamg‘armasi orqali qoplangan bo‘lishi mumkin. Ushbu jamg‘arma sanksiyalar va jarimalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Gudvinning bosh advokati “Miller & Chevalier” yuridik firmasining vakili bu qarorni inson huquqlarini buzayotgan davlatlarni javobgarlikka tortish yo‘lidagi muhim qadam deb atagan.

“Sem Gudvin boshidan kechirgan azoblar o‘rnini hech narsa bosolmaydi, ammo bu qaror – jazosizlikka qarshi kurashda muhim yutuq”, degan advokat.

Gudvin – Missuri shtatidagi Sent-Luis shahridan bo‘lgan sobiq universitet xokkeychisi. U 2019 yilda dunyo bo‘ylab sayohat qilayotgan edi. U Suriya-Iroq chegarasidagi Qamishli shahrida to‘xtagan. U yerda kurdlar sayohatchini AQSH bilan nazorat o‘rnatgan deb o‘ylagan. Ammo u keyinchalik qurolli shaxslar tomonidan hibsga olinib, Suriyaning 215-harbiy razvedka bo‘limiga olib ketilgan. U yerda 27 kun davomida yakka kamerada saqlangan.

Advokatlarga ko‘ra, Gudvin suriyalik harbiylar tomonidan qiynoqqa solingan va ISHIDga topshirish bilan qo‘rqitilgan. Uning ozod qilinishi Livan generali Abbos Ibrohimning vositachiligi orqali amalga oshgan.

”Bu qaror faqat men uchun emas, inson huquqlari poymol etilayotgan boshqa joylarda ham adolat izlayotganlar uchun umiddir. Bu jinoyatlarni sodir etayotganlarga signal bo‘lsin – jazosizlik abadiy emas”, degan Gudvin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi kengashi Suriyaga nisbatan qo‘llanilgan barcha iqtisodiy cheklov choralarini (faqat xavfsizlik bilan bog‘liq sanksiyalar bundan mustasno) bekor qilish to‘g‘risida yuridik hujjatlarni qabul qilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya Sem Gudvin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing