AQSH va Xitoy savdo bo‘yicha “asosiy kelishuv”ga erishdi

Olam

image

Xitoy va AQSH savdo muzokarachilari Kuala-Lumpurda o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng “o‘zaro manfaatli masalalarni hal etish bo‘yicha asosiy kelishuv”ga erishdi. Bu haqda bugun, 26 oktyabr kuni Xitoy davlat OAV xabar qildi.

Xitoy Bosh vaziri o‘rinbosari He Lifeng boshchiligidagi delegatsiya AQSH tomonidan Moliya vaziri Skott Bessent va Savdo bo‘yicha vakil Jeymson Grir bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu suhbatlar kutilayotan Si Szinpin va Donald Tramp uchrashuvidan bir necha kun oldin bo‘lib o‘tdi.

Ikki davlat rahbarlari Janubiy Koreyadagi APEC sammiti doirasida uchrashishi kutilmoqda, ammo Vashingtondan farqli ravishda, Pekin hozircha bu uchrashuvni rasman tasdiqlagani yo‘q. Bugun, 26 oktyabr kuni ertalab Bessent jurnalistlarga “muzokaralar rahbarlar uchrashuvi uchun muvaffaqiyatli asos yaratganini” ma’lum qildi.

Xitoy rasmiy bayonotida esa shunday deyiladi:

“Ikki tomon ochiq, chuqur va amaliy muloqotlar olib bordi hamda o‘zaro manfaatli asosiy iqtisodiy va savdo masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazdi”.

Bayonotga ko‘ra, muhokama qilingan asosiy masalalar quyidagilar bo‘lgan:

  • AQSHning Xitoy dengiz logistikasi va kemasozlik sohasiga nisbatan jazo choralari;
  • o‘zaro tariflar;
  • fentanilga oid tariflar;
  • qishloq xo‘jaligi savdosi;
  • eksportga qo‘yilgan cheklovlar.

Bu masalalar dunyodagi eng yirik ikki iqtisodiy derjava o‘rtasidagi asosiy kelishmovchiliklar markazida turibdi.

“Ikki tomon o‘z ehtiyoj va manfaatlarini hisobga olgan holda, umumiy kelishuvga erishdi. Tomonlar endi aniq texnik detallarni ishlab chiqish va ichki tasdiq jarayonlarini yakunlashga kelishib oldi”, deyiladi Xitoy bayonotida.

Oxirgi haftalarda AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo va texnologiyaga oid keskinlik kuchaydi – Vashington Xitoyga nisbatan yangi eksport qora ro‘yxatini kengaytirdi, Pekin esa javob tariqasida nodir yer minerallari eksportiga cheklovlarni oshirdi.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Xitoy bilan bo‘lib o‘tgan “juda samarali” savdo muzokaralaridan so‘ng Pekinga qarshi boj stavkalarini oshirish rejasi “amalda kun tartibidan chiqarilganini” ma’lum qildi.

Prezident Donald Tramp ilgari 1 noyabrdan boshlab Xitoyga nisbatan qo‘shimcha 100 foizlik tarif joriy qilish bilan tahdid qilgan edi. Bu tahdid Pekinning muhim nodir yer minerallari eksportiga cheklovlar qo‘yish harakatlariga javob sifatida aytilgan bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi keskinlikni kuchaytirgandi.

Bessent bugun, 26 oktyabr kuni CBS News’ning “Face the Nation with Margaret Brennan” dasturiga bergan intervyusida shunday dedi:

“Biz ikki kunlik muzokaralarni juda samarali o‘tkazdik. Ilgari rejalashtirilgan qo‘shimcha 100 foizlik tarif masalasi amalda kun tartibidan chiqdi, deb hisoblayman. Mening fikrimcha, 100 foizlik tarif tahdidi ham, Xitoy tomonidan jahon miqyosida eksport nazorati tizimini joriy etish tahdidi ham yo‘qoldi”.

Bu bayonot AQSH va Xitoy delegatsiyalari o‘rtasida Malayziyada bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng berildi. Ushbu muzokaralar ikki davlat rahbarlari – Donald Tramp va Si Szinpin – o‘rtasidagi kutilgan uchrashuv uchun zamin yaratgani ta’kidlanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Xitoy Si Tszin'pin savdo APEC asosiy kelishuv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing