AQSH Yaqin Sharqqa 50 dan ortiq qiruvchi samolyotlarini yubordi
Olam
−
08:27 1749 2 daqiqa
AQSH so‘nggi 24 soat ichida Yaqin Sharqqa, Eron yo‘nalishiga 50 dan ortiq qiruvchi samolyotlarni joylashtirdi. Bu haqda amerikalik rasmiy manbaga tayanib, “Axios” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yuborilgan samolyotlar orasida F-35 Lightning II, F-22 Raptor va F-16 Fighting Falcon turidagi qiruvchilar bor.
17 fevral kuni Jeneva shahrida AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi bosqichi yakunlandi. Ummon Tashqi ishlar vaziri uchrashuv “umumiy maqsadlar va texnik masalalarni belgilashda sezilarli yutuq” bilan tugaganini bildirgan.
Amerikalik manbaga ko‘ra, muzokaralarda ma’lum siljishga erishilgan, ammo hali ko‘plab jihatlar muhokama qilinishi kerak. Eron ikki hafta ichida AQSHga batafsil taklif taqdim etishini ma’lum qilgan. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi tomonlar ehtimoliy kelishuv loyihalari ustida ishlash, hujjatlar almashish va keyingi uchrashuv sanasini belgilashga kelishib olganini aytgan.
“The Wall Street Journal” xabariga ko‘ra, Eron muzokaralar davomida uran boyitishni vaqtincha to‘xtatish, zaxiraning bir qismini boshqa davlatga berish va AQSH bilan iqtisodiy aloqalarni boshlashga tayyorligini bildirgan.
So‘nggi oylarda AQSH va Eron munosabatlari keskinlashgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronda namoyishlar kuch bilan bostirilsa, zarba berish bilan tahdid qilgan edi. Avvalroq u Eron tomonga avianosets guruhini yuborganini aytgan. Jumladan, USS Abraham Lincoln, USS George H. W. Bush va USS Gerald R. Ford avianosetslari mintaqada harakatga keltirilgani haqida xabarlar chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari Prezident Donald Tramp Eronga zarba berish haqida buyruq chiqargan taqdirda, bir necha hafta davom etishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi