AQSHda 17 ming immigrantning “prava”si bekor qilinadi
Olam
−
17 noyabr 4624 2 daqiqa
AQSHning Kaliforniya shtati rasmiylari muhojir haydovchilar ruxsat etilgan muddatdan uzoqroq ishlayotgani bois, ularga berilgan 17 mingta tijorat haydovchilik guvohnomasini bekor qiladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Rasmiylarning aytishicha, Kaliforniyada haydovchilik guvohnomasi va ish ruxsatnomasining amal qilish muddati bir xil bo‘lishi shart. Joriy yilning 6 noyabr kuni haydovchilarga 60 kun ichida guvohnomalari muddati tugashi haqida ogohlantiruvchi maktublar yuborilgan.
Bu qaror mamlakat Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati va gubernator Gevin Nyusom o‘rtasida Kaliforniyaning doimiy yashash manziliga ega bo‘lmagan haydovchilar uchun mo‘ljallangan tijorat guvohnomalari dasturi bo‘yicha davom etayotgan ziddiyat fonida qabul qilingan. Shuningdek, bu Federal yo‘l xavfsizligi ma’muriyati tomonidan o‘tkazilgan butun mamlakat bo‘ylab auditdan keyin e’lon qilingan. Audit AQSHda noqonuniy yashagan yuk mashinasi haydovchisi Floridada uch kishining o‘limiga sabab bo‘lganidan keyin o‘tkazilgan.
“Bu faqat muzlikning uchidir. Mening jamoam Kaliforniya har bir noqonuniy muhojirni yuk mashinalari va maktab avtobuslari rulidan chetlashtirganini isbotlashga majbur qilishda davom etadi”, deydi Transport vaziri Shon Daffi.
Ammo shtat rasmiylarining bildirishicha, bu haydovchilar “noqonuniy muhojirlar” emas va ularga federal hukumat mamlakatda ishlash uchun ruxsat bergan.
Ma’lumot uchun, Kaliforniya Vashington va Kolumbiya okrugidan tashqari huquqiy maqomsiz muhojirlarga haydovchilik guvohnomasi beradigan 19 shtatdan biri hisoblanadi.
"Bunday guvohnomalar odamlarning xavfsiz ishlashi va harakatlanishiga yordam beradi", deya ta’kidlaydi muhojirlar huquqlarini himoya qiluvchilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ma’muriyati janubi-g‘arbiy chegarada yangi “aqlli devor” qurish uchun 4,5 milliard dollarlik shartnomalarni imzolashi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi