AQSHda Trampning qarorgohiga “sovchi” bostirib kirdi
Olam
−
05 iyun 13606 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohiga bostirib kirgan amerikalik yigit hibsga olindi. U Prezidentning nabirasiga uylanishni xohlashini aytgan. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, AQSH Maxfiy xizmati agentlari texaslik 23 yoshli Entoni Reyesni Trampning Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohiga noqonuniy kirgani uchun hibsga olgan. Reyes 4 iyunga o‘tar kechasi qarorgohni o‘rab turgan devordan oshib o‘tganidan so‘ng qo‘lga olingan. U bu harakatini “Injilni targ‘ib qilish” va “Kayga uylanish” istagi bilan izohlagan. Gap AQSH Prezidentining 18 yoshli nabirasi haqida ketmoqda.
Agentlar uni politsiyaga topshirgan. Reyesga xususiy hududga noqonuniy kirganlik aybi qo‘yilgan va sud uni hibsga olgan. Reyes 50 ming dollar garov evaziga ozod qilinishi mumkin, ammo unga Tramp va uning oilasi bilan har qanday aloqa qilish taqiqlangan. Yigit esa o‘zini aybdor deb hisoblamayapti.
Oq uy voqeani Trampga yetkazganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Kay Tramp – kichik Donald Tramp va uning sobiq rafiqasi Vanessa Trampning qizi. U, shuningdek, Trampning o‘nta nevarasining eng kattasi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bir yil ichida Donald Trampning hayotiga ikki marotaba suiqasd uyushtirildi. Birinchi suiqasd 2024 yil 13 iyulda Pensilvaniyaning Batler shahrida saylov kampaniyasi vaqtida sodir bo‘lgan. Ikkinchi holat 15 sentyabrda Florida shtatining Palm-Bich shahridagi Tramp golf-klubi yaqinida ro‘y bergan.