Aliyev AQSHning Trampdan oldingi ikki rahbarini tanqid qildi (video)
Olam
−
06 yanvar 3794 2 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev AQSHning Donald Trampdan avvalgi ikki ma’muriyati – Obama-Bayden hamda Bayden-Blinken davrida Baku va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar kutilgan darajada bo‘lmaganini aytdi. Bu haqda Aliyev kecha, 5 yanvar kuni mahalliy telekanallarga bergan intervyusida so‘z yuritgan.
Ozarbayjon yetakchisining aytishicha, Obama-Bayden ma’muriyati davrida tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar sovuq bo‘lgan bo‘lsa, Bayden-Blinken ma’muriyati vaqtida bu munosabatlar deyarli inqiroz holatiga kelib qolgan. Aliyevning ta’kidlashicha, agar Bayden ma’muriyati hokimiyatda qolganida, Ozarbayjon AQSH tomonidan bildirilgan talablarning birortasini ham bajarmagan bo‘lardi.
Shu bilan birga, Ilhom Aliyev Donald Tramp rahbarligidagi AQSH ma’muriyatini alohida e’tirof etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp jamoasi pragmatik, professional va AQSHning milliy manfaatlarini aniq tushunadigan siyosatchilardan iborat.
“Oq uyda Tramp ma’muriyati ish boshlagach, vaziyat tubdan o‘zgardi. Aynan shu davrda mintaqada yangi siyosiy realliklar shakllandi”, deya ta’kidlagan Aliyev intervyusida.
Prezident, shuningdek, AQSH tomonidan kuchli va haqqoniy siyosat olib borilmaganida ko‘plab urushlar, jumladan Ozarbayjon-Armaniston urushini tugatish va barqaror tinchlikka erishish mushkul bo‘lishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston 2025 yil 8 avgust kuni AQSH vositachiligida Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida ko‘p yillik mojarolardan so‘ng ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantiruvchi va ularni o‘zaro munosabatlarni to‘liq normallashtirishga olib keladigan tinchlik bitimini imzolagan edi.