Aliyevni ag‘darmoqchi bo‘lgan “kulrang kardinal”ning qamoq muddati uzaytirildi
Olam
−
10 fevral 2054 2 daqiqa
Davlatga xiyonat va yana bir qator og‘ir ayblovlar bilan hibsga olingan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining sobiq rahbari, “kulrang kardinal” laqabi bilan tanilgan Ramiz Mehdiyevga nisbatan tanlangan uy qamog‘i ehtiyot chorasi muddati uzaytirildi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tergovchisining iltimosnomasi asosida 87 yoshli Mehdiyevga nisbatan qo‘llanilgan uy qamog‘i ehtiyot chorasi muddatini uzaytirish haqidagi taqdimnoma Baku shahar Sabail tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud taqdimnomani qanoatlantirgan va Ramiz Mehdiyevga nisbatan tanlangan uy qamog‘i ehtiyot chorasi muddati yana to‘rt oyga uzaytirilgan.
Qayd etilishicha, DXX tomonidan boshlangan jinoyat ishi doirasida Mehdiyev Jinoyat kodeksining 278.1-moddasi (davlat hokimiyatini egallab olishga qaratilgan harakatlar), 274-moddasi (davlatga xiyonat), 193-1.3.2-moddasi (Jinoyat yo‘li bilan olingan mulkni qonuniylashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Jinoyat ishi doirasida Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi raisi Ali Karimli va partiya a’zosi Mamed Ibrohim, Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi kotibiyatining sobiq rahbari, Prezident Administratsiyasining sobiq xodimi Eldor Amirov hibsga olingan. Kecha, 9 fevral kuni ushbu shaxslarga nisbatan tanlangan hibs ehtiyot chorasi muddati ham to‘rt oyga uzaytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mehdiyevning davlat to‘ntarishi rejasi 2025 yilning 9 oktyabr kuni Dushanbedagi sammitda Rossiya tomonidan Ilhom Aliyevga fosh qilingani o‘rtaga chiqqan edi.