Angrendagi dahshatli YTH qurbonlari soni oshdi

3-sahifa

image

7 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Angren shahri hududidan o‘tgan A-373 “Toshkent-O‘sh” xalqaro avtomobil yo‘lida bir nechta transport vositalari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani va buning oqibatida 7 kishi halok bo‘lgani habar qilingandi. Endilikda YTH qurbonlari soni oshgani ma’lum bo‘ldi. Bu Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning 9 sentyabrda imzolangan farmoyishida o‘z aksini topdi.

Qayd etilishicha, Angrendagi mudhish voqeada 11 kishi halok bo‘lgan. YTH oqibatida 6 kishi turli darajada tan jarohatlari olib, shifoxonaga joylashtirilgan. 

Farmoyishda viloyat hokimining o‘rinbosarlari va tegishli tashkilotlar YTH oqibatida vafot etganlarning shaxsiga aniqlik kiritishi, ularning oila a’zolariga hamda jabrlanganlarga tibbiy, moddiy, psixologik va boshqa yordamlar ko‘rsatishi belgilangan. Halok bo‘lganlarning dafn marosimlari bilan bog‘liq kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi qayd etilgan. Jarohat olganlarga Angren shahar tibbiyot birlashmasida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani bildirilgan.

YTHning kelib chiqish sabablari o‘rganilgan holda kelgusida shu kabi hodisalarning oldini olish maqsadida yo‘l-transport infratuzilmasini xatlovdan o‘tkazish hamda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, ularni takomillashtirish, shuningdek, yuk tashish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha asoslangan takliflar tayyorlash topshirilgan.

Ichki ishlar vazirligi voqea sodir bo‘lgan kuni 7 kishi halok bo‘lgani, 5 nafari tibbiyot muassasalariga yotqizilgani, 4 nafar shaxsga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, vaziyatni to‘liq o‘rganish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda og‘ir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida tegishli davlat organlarining mutaxassislaridan iborat Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan bo‘lib, voqea tafsilotlari o‘rganilishi bildirilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov-surishtiruv harakatlari boshlangan.


Maqola muallifi

Teglar

YTH Angren

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing