Jo‘loniyning xotini Latifa kim?
Olam
−
05 fevral 27810 3 daqiqa
Bu hafta Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara (Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan ham tanilgan)ning rafiqasi Latifa al-Durubiyning omma oldida ko‘rinish berishi – Makkada umra qilgan er-xotinning videosi internetda tarqalishi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan kadrlarda Umra liboslarida er-xotin Masjid ul-Haram ichida yonma-yon yurgani, birga Ka’baga kirgani aks etgan. Tadbir 3 fevral kuni Suriya o‘tish davri prezidentining lavozimga kirishganidan keyingi Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy safari chog‘ida bo‘lib o‘tdi.

Bu al-Durubiyning o‘tgan hafta AQSHdan kelgan suriyalik ayollar delegatsiyasi bilan uchrashuvidan keyin omma oldida yana paydo bo‘lishi edi. O‘shanda ash-Shara uni ommaga tanishtirib, birinchi marta uning yagona turmush o‘rtog‘i ekanini tasdiqlagandi.
Uchrashuv ishtirokchisining so‘zlariga ko‘ra, Suriya o‘tish davri prezidenti o‘z rafiqasini “juda yaxshi ko‘rishini” ta’kidlab, bir nechta xotinlari borligi haqidagi mish-mishlarni rad etgan.
Arab nashrlarining yozishicha, uchrashuvda qatnashgan ba’zi ishtirokchilar bu lahzani yig‘ilishga hazil va iliqlik tuyg‘usini qo‘shish, Suriya diasporasining ahvoli va jamiyat bilan aloqalarni mustahkamlashda ayollarning roliga bag‘ishlangan chiqish deb ta’riflagan.
O‘tmishda u bir necha ommaviy tadbirlarda qatnashgan bo‘lsa-da, u kamdan kam suratga tushar edi, bu esa Suriyaning birinchi xonimiga qiziqishni oshirgan.
Qayd etilishicha, uning so‘nggi chiqishlari, jumladan, AQSHdan kelgan suriyalik ayollar delegatsiyasi bilan uchrashuvi va umra ziyoratiga borishi al-Durubiyning jamoatchilik roli ortib borayotganidan dalolat beradi.
AQSH delegatsiyasining o‘tgan haftadagi yig‘ilishi ishtirokchilari Latifani “madaniyatli, nafosatli va nafis ayol” deya ta’riflab, uning notiqligi, vazmin xulq-atvori va an’anaviy milliy kiyinishini maqtashdi.
Tinchlik va farovonlik uchun Suriya-Amerika koalitsiyasining a’zosi Abdul Hafiz Sharaf OAVga bergan intervyusida Latifa “hijob kiygan, lekin [yuzini berkitmaydigan] yosh suriyalik ayol” ekanligini ta’kidladi.
“U Suriyadagi hijobli ayollarga xos libosda kiyinadi va uning tadbirlarda qatnashishi ko‘pchilikni hayratda qoldirdi, ayniqsa muloyim tabassumini ishtirokchilar iliq kutib oladi”, deydi u.
Delegatsiya yig‘ilishida ishtirok etgan suriyalik faol Rim al-Bazm uni “mehribon, bosiq, chiroyli, o‘ziga ishongan va bilimli” deb ta’rifladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ash-Shara uni “Mening yagona xotinim va men uni juda yaxshi ko‘raman” degan so‘zlar bilan tanishtirgan.
Al-Bazm, shuningdek, ash-Shara o‘z rafiqasini suriyalik ayollar delegatsiyasiga tanishtirgani ommaviy axborot vositalarida “itoatkor xotinlar” tasviridan farqli o‘laroq, chuqur ildiz otgan Suriya an’analarini aks ettirganini ta’kidladi.
“Suriyada yashagan har bir kishi ayolni oilasining ustuni ekanligini biladi – u rejalashtiradi, bolalarni tarbiyalaydi, moliyani boshqaradi va yuqori ilmiy darajalarga erishish uchun sabr-toqat qiladi. Suriyada erkaklar o‘z xotinini tinglaydilar”, dedi u.
Latifaning shaxsiy hayoti haqidagi tafsilotlar cheklangan bo‘lsa-da, uning Suriya prezidenti bilan birga paydo bo‘lishi ham Suriya ichida, ham xalqaro miqyosda qiziqish uyg‘otdi.
Arab nashrlarning xabar berishicha, Latifa al-Durubiy, Latifa ash-Shara nomi bilan ham tanilgan, 1984 yilda tug‘ilgan. Arab tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasiga ega, uch o‘g‘ilning onasi. Uning oilasi, al-Durubi urug‘i, Homsdagi Al-Qaryatayn shahridan bo‘lib, uning singlisi Damashqning amaldagi gubernatori Maher Muhammad Marvonga turmushga chiqqani aytiladi.
Durubiylar oilasi Suriyada taniqli olimlar va taniqli shaxslar, jumladan, 2009 yilda Jidda shahrida vafot etgan himslik mashhur Qur’on qorisi Shayx Abdul G‘ofar ad-Durubiyni yetishtirgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 fevral kuni Latifa al-Durubiy Anqaradagi Davlat mehmon uyida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an bilan uchrashgandi. Birinchi insonparvarlik yordami, ijtimoiy birdamlik, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish va ta’limning roli haqida fikr almashgan. Shuningdek, Turkiya va Suriya urushdan eng ko‘p jabrlangan ayollar va bolalar uchun birgalikda tashlashi mumkin bo‘lgan qadamlarni muhokama qilingan.
Live
Barchasi