Avstraliya Suriya lageridagi fuqarosini qabul qilmoqchi emas
Olam
−
18 fevral 967 2 daqiqa
Avstraliya hukumati Suriya shimolidagi lagerda saqlanayotgan fuqarolardan biriga mamlakatga qaytishni vaqtincha taqiqladi. Ichki ishlar vaziri Toni Berkning bildirishicha, qaror xavfsizlik idoralari tavsiyasiga asosan qabul qilingan va kam qo‘llaniladigan terrorga qarshi qonunlar doirasida rasmiylashtirilgan. Bu haqda “Reuters” yozdi.
Mazkur lagerda “Islomiy davlat” (ISHID) bilan aloqadorlikda gumon qilingan shaxslarning oilalariga mansub 34 nafar avstraliyalik bor. Ularning qaytishi lager ma’muriyati tomonidan shartli ravishda ma’qullangan, biroq hujjat muammolari sabab Damashq tomonidan ortga qaytarilgan. Hukumat ilgari bu shaxslarga yordam ko‘rsatmasligini bildirgan va har birining milliy xavfsizlikka tahdid darajasini tekshirmoqda.
2019 yilda qabul qilingan qonunchilikka ko‘ra, 14 yoshdan oshgan va xavf tug‘dirishi mumkin deb topilgan fuqarolarga ikki yilgacha mamlakatga kirish taqiqi qo‘yilishi mumkin. Hozircha boshqa shaxslar uchun bunday choraga ehtiyoj yo‘qligi aytilmoqda.
Bosh vazir Entoni Albaneze ayrimlar “shafqatsiz va vayronkor mafkura”ni qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidlagan. Mulozim bolalar bu vaziyatda aybsiz ekanini, ammo ota-onalar qarori oqibatida murakkab holatga tushganini qayd etgan.
Bu voqea mamlakatda siyosiy bahslarni kuchaytirgan. So‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, o‘ng qanot, immigratsiyaga qarshi “OneNation” partiyasining reytingi 26 foizga yetib, muxolifatdagi an’anaviy markaz-o‘ng koalitsiyadan ham yuqori ko‘rsatkich qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya shimoli-sharqidagi mashhur Al-Hol lageri bo‘shatilayotgani xabar qilingandi. Hukumat so‘nggi haftalarda minglab aholini ko‘chirishni boshlagan. Bu yerda asosan ISHID gumondor jangchilarining ayollari va bolalari saqlangan.