Avstraliyada burqani “hurmatsiz” tarzda kiygan senator lavozimidan chetlatildi (video)

Olam

image

Bugun, 25 noyabr kuni Avstraliya Senati o‘ta o‘ngchi senator Polin Xansonni parlamentga burqa kiyib kirgani uchun yetti kunga lavozimidan chetlatdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ayol burqani mezonlarga nomuvofiq tarzda kiygan, uning bu harakatini parlament a’zolari keskin qoralagan. Xanson bu ishni jamoat joylarida musulmon kiyimini taqiqlashga qaratilgan siyosiy kampaniya doirasida amalga oshirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, kecha, 24 noyabr kuni Xanson jamoat joylarida burqa va boshqa yuzni to‘suvchi kiyimlarni taqiqlash haqidagi qonun loyihasini muhokamaga qo‘yishga ruxsat ololmagach yuqori palataga burqa kiyib kirgan. Uning bu harakati musulmon qonunchilar tomonidan “irqchilik” sifatida baholandi.

“Senator Xansonning nafratli va sayoz namoyishi bizning ijtimoiy tuzilishimizga zarba berdi. Bu Avstraliyani zaiflashtiradi. U butun bir e’tiqodni masxara qildi va haqorat qildi. Men parlamentga bundan katta hurmatsizlikni ko‘rmaganman”, deydi mamlakat Tashqi ishlar vaziri, Leyboristlar partiyasi yetakchisi Penni Vong.

Kvinslenddan saylangan senator Xanson birinchi bor 1990 yillarda Osiyodan immigratsiya va boshpana izlovchilarga qarshi keskin pozitsiyasi bilan mashhurlikka erishgan. U yillar davomida islomiy kiyimlarga qarshi chiqishlarni olib borgan.

Bu Xansonning parlamentga ikkinchi marta burqa kiyib kirishi bo‘lib, u 2017 yilda ham butun mamlakat bo‘ylab burqani taqiqlashga chaqirgan edi.

Xanson burqa bo‘yicha qarashlarini o‘zgartirmasligini va parlamentda kiyim chegarasi mavjud emasligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Portugaliya parlamenti jamoat joylarida yuzni yopib turuvchi kiyim, jumladan, burqa va niqob kiyishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qullagani haqida xabar berilgandi. Hujjatda “jinsiy yoki diniy sabablarga ko‘ra” niqob kiyish haqida so‘z boradi. Qoidabuzarliklar uchun jarima miqdori 200 yevrodan 4000 yevrogacha bo‘ladi. Shuningdek, diniy liboslarni majburan kiyish uchun ham uch yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.

Komila Qobilova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Avstraliya senator burqa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing