Avtomobildan chiqindi tashlaganlik uchun jarima oshirilishi mumkin
Jamiyat
−
28 may 3698 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga transport vositalaridan chiqindi tashlaganlik uchun jazo chorasi kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 15 may kuni qabul qilingan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Hozirda amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-1-moddaga asosan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlagan jismoniy shaxslarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (375 ming so‘mdan 1 million 125 ming so‘mgacha), yuridik shaxslarga esa BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 million 125 ming so‘mdan 1 million 875 ming so‘mgacha) miqdorda jarima belgilangan.
Yangi taklifga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha oshirilishi mumkin, takroriy qoidabuzarlik holatida esa BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 million 750 ming so‘mdan 5 milllion 625 ming so‘mgacha) miqdorda jarima nazarda tutilmoqda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, shahar ko‘chalaridagi chiqindilarning 53 foiziga yaqini haydovchi va yo‘lovchilar tomonidan tashlab ketiladi. Ularning asosiy qismini plastik idishlar, ovqat qoldiqlari va sigaret filtrlari tashkil etadi.
O‘tgan yilgi ma’lumotlarga qaraganda, poytaxtda 638,8 mingta transport vositasi ro‘yxatda turgan bo‘lsa, har kuni 150-300 mingta qo‘shimcha avtomobil shaharga kiradi. Agar ularning har o‘ntasidan biri chiqindi tashlasa, bu 15-30 ming dona chiqindini tashkil etadi.
Qonunchilikdagi ushbu o‘zgarishlar nafaqat ekologik muammoni hal etish, balki aholini shaxsiy javobgarlikka o‘rgatish va tartibga chaqirish maqsadida amalga oshiriladi. Hozirda bu takliflar muhokama bosqichida turibdi.
Live
Barchasi