Bayden davolanishni boshlagandan beri ilk bor ko‘rinish berdi

Olam

image

AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden prostata bezi saratonini davolashni boshlagani haqidagi xabarlardan so‘ng ilk bor jamoatchilikka ko‘rinish berdi. Bu haqda “The New York Post” xabar berdi.

82 yoshli siyosatchi Delaver shtatidagi uzoq yillar davomida muntazam tashrif buyurib kelgan Avliyo Iosif cherkovidagi kechki ibodat marosimida qatnashgan. Nashr tomonidan e’lon qilingan suratlarda ko‘rinishicha, Bayden yonida yurgan ayolga suyangan, uning o‘ng ko‘zi ustida esa yaqinda teri saratonini olib tashlash bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiyadan qolgan yangi chandiq izi ko‘rinib turibdi. 

50 daqiqalik ibodat yakunlangach, Bayden aholi bilan yana taxminan 10 daqiqa suhbatlashgan. OAVga ko‘ra, bu prostata bezi saratonining suyaklarga metastaz bergan to‘rtinchi bosqichi uchun besh haftalik nurlanish va gormonal terapiya kursini boshlagani ma’lum qilingandan keyingi uning jamoatchilik oldidagi birinchi ko‘rinishidir.

Shifokorlar Baydenga saratonning agressiv turi tashxis qilingani, biroq kasallik gormonal terapiyaga javob qaytara olishini qayd etgan. Tashxis Bayden siydik chiqarishdagi muammolar bilan shifokorlarga murojaat qilganidan so‘ng qo‘yilgan, tekshiruvlar davomida prostatada kichik tugun aniqlangan. Bundan tashqari, sobiq prezident ikki bor teri saratonini olib tashlash operatsiyasini boshidan kechirgan – o‘tgan oy peshonasida va 2023 yilda ko‘krak qismida.

2024 yilning iyul oyida Bayden Donald Tramp bilan muvaffaqiyatsiz debatdan so‘ng, qayta saylanish kampaniyasini to‘xtatgan va Kamala Harris nomzodini qo‘llab-quvvatlagan edi. 2025 yil yanvaridan buyon u asosan xususiy hayot tarzini olib bormoqda. Uning yordamchilarining aytishicha, sobiq prezident davom etayotgan davolanishiga qaramay, Boston shahridagi mukofotlarni topshirish marosimi va Nebraska shtatida Demokratik partiya uchun mablag‘ yig‘ish tadbirida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jo Bayden prezidentlik muddati tugaganidan keyin oddiy va tejamkor hayot tarzini olib borayotgani haqida xabar berigandi.


Maqola muallifi

Teglar

saraton Jo Bayden prostata bezi Delaver

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing