Baydenning o‘g‘li Trampning o‘g‘illarini jangga chorladi (video)
Olam
−
11 aprel 3563 2 daqiqa
AQSH sobiq prezidenti Jo Baydenning 56 yoshli o‘g‘li Xanter Bayden amaldagi davlat rahbari Donald Trampning o‘g‘illari – 42 yoshli Erik Tramp va 46 yoshli kichik Donaldni “qafasdagi jang”ga (MMA) chorladi. Uning bu haqdagi murojaati kecha, 10 aprel kuni “Channel 5”ning Instagram-sahifasida e’lon qilindi.
Agar ushbu jang bo‘lib o‘tsa (bu shubhali bo‘lsa-da), u 4 iyul kuni nishonlanadigan Amerika Qo‘shma Shtatlari mustaqilligining 250 yilligiga bag‘ishlanishi mumkin. Xanterning tushuntirishicha, unga kinorejissyor va jurnalist Endryu Kellaxan qo‘ng‘iroq qilib, shunday jangni tashkil etishni taklif qilgan.
“Menga hozirgina jurnalist Kellaxan qo‘ng‘iroq qildi. U men, Erik va Donald o‘rtasida qafasdagi jangni tashkil qilishga harakat qilmoqda. Men unga roziligimni aytdim. Agar u buni tashkillashtira olsa, men 100 foiz tayyorman”, deydi Xanter Bayden.
Kellaxanning o‘zi esa suhbat davomida haqiqatan ham shunday variant paydo bo‘lganini, lekin u Baydenning o‘g‘lini hazil qilyapti deb o‘ylab, unga jangni tashkil etishga yordam berishga tayyorligini aytganini bildirgan.
Xanter Baydenning bayonotini keng yoritayotgan Amerika OAVlari sobiq va hozirgi prezidentlar oilalari o‘rtasidagi munosabatlar juda tarang ekanini qayd etmoqda. Ehtimol, klan vakillari bir-birlarini do‘pposlashga tayyor, lekin buni omma oldida tomosha uchun qilishlari amrimahol.
Ma’lumot uchun, “qafasdagi jang” – aralash jang san’atlari (MMA) bellashuvlarining umumiy nomi bo‘lib, unda ishtirokchilar boks, kikboksing, dzyudo, kurash va Braziliya jiu-jitsusi kabi turli uslubdagi keng ko‘lamli texnikalardan foydalanadi.
Live
Barchasi