BMT AQSHning Karib dengizidagi kemalarga hujumlarini qoraladi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti AQSHning Karib dengizi va Tinch okeanida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotgan deb taxmin qilinayotgan kemalarga qarshi amalga oshirgan havo hujumlarini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqni buzish deb hisoblab, ularni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk ABC News nashriga bergan bayonotida ma’lum qildi.

Tyurkning so‘zlariga ko‘ra, bu hujumlar xalqaro huquq normalariga zid bo‘lib, ularning oqibatlarini tekshirish uchun mustaqil surishtiruv o‘tkazilishi kerak.

“Inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqqa muvofiq, o‘limga olib keluvchi kuchni qo‘llash faqat hayotga bevosita tahdid solayotgan shaxslarga nisbatan so‘nggi chora sifatida qo‘llanishi mumkin”, deydi u.

Tyurkning aytishicha, ularning qanday jinoyatlarda ayblanayotganidan qat’i nazar AQSH bunday hujumlarni darhol to‘xtatishi va kemalardagi odamlarga nisbatan sudsiz qatl kabi holatlarning oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi lozim.

Oq uy bu bayonotga javoban AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etish ustida ishlayotganini bildirgan.

“BMT eskalatorni boshqarishdan tortib urushlarni to‘xtatishgacha bo‘lgan barcha sohalarda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Endi ular Prezident Trampga dars bermoqchi va amerikaliklarni o‘ldirishga urinayotgan yovuz narkoterrorchilarni himoya qilmoqda. Prezident qurolli to‘qnashuvlar qonunlariga muvofiq ravishda mamlakatimizni dengizlarimizga o‘lim olib kelmoqchi bo‘lganlardan himoya qilish uchun harakat qildi va u kartellarga qarshi kurashish hamda milliy xavfsizlikni tahdid qilayotgan bu xavflarni yo‘qotish bo‘yicha o‘z va’dasini bajarmoqda”, deydi Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ma’muriyati Vashington tomonidan AQSHga narkotiklar olib kirishda ayblanayotgan Venesuela rahbari Nikolas Maduraga bosimni kuchaytirishni rejalashtirayotgani, xususan, Oq uy Venesueladagi bir qator nishonlarga, jumladan, “narkokartellar va Maduro rejimi ta’sir doirasidagi ob’ektlarga” havo hujumlari tayyorlayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh BMT Tinch okeani Karib dengizi Fol'ker Tyurk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing