Bojxona xodimi hujjatini soxtalashtirganlar ushlandi
3-sahifa
−
04 noyabr 4732 1 daqiqa
Andijonda bankdan kredit olish uchun bojxona xodimining soxta guvohnomasi va oylik ish haqi to‘g‘risida ma’lumotnoma tayyorlash bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bojxona qo‘mitasi hamda Andijon viloyati va Toshkent shahar bojxona boshqarmalari tezkor tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda bir guruh shaxslar tomonidan bojxona organlari rasmiy hujjatlarini qalbakilashtirish holatlariga chek qo‘yilgan.
Tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan shaxsning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, u yerda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Kadrlar Boshqarmasi” yozuvli muhr, oylik ish haqi to‘g‘risida ma’lumotnomalar, ushbu shaxsning go‘yoki bojxona xodimi ekanini tasdiqlovchi guvohnoma, ishga aloqador boshqa hujjat hamda vositalar borligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, 3 nafar shaxsdan iborat uyushgan guruh hujjatlarni qalbakilashtirish orqali oylik ish haqi to‘g‘risida ma’lumotnoma tayyorlab, unga soxta muhr bosib, qalbakilashtirilgan xizmat guvohnomalari bilan hududlardagi banklarga kredit olish uchun taqdim etib kelgan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida o‘zini Prezident Administratsiyasi, DXX va boshqa tashkilotlar xodimi sifatida tanishtirib, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini soxtalashtirib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib kelgan shaxs ushlangandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr