Bu sirkning bir qismi bo‘lishni istamadim – O‘FA sobiq mulozimi

Sport

image

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining (O‘FA) terma jamoalar bo‘limi sobiq rahbari Sherzod Egamberdiyev O‘FA milliy terma jamoa bosh murabbiyligi uchun Fabio Kannavaro bilan muzokaralar olib borayotgani fonida keskin bayonot bilan chiqdi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida yozdi.

“Men uchun ushbu jamoadan ketish juda og‘ir va alamli. Lekin bunday holatlar sodir bo‘layotganda qolish mumkin emas edi. Biz ushbu jamoa bilan juda uzoq yo‘lni bosib o‘tdik. Biz jamoaga nisbatan yaxshiroq munosabatga loyiq edik”, deydi Sherzod Egamberdiyev.

Shuningdek, u hozir milliy terma jamoa bilan sodir bo‘layotgan voqealarni sirkka o‘xshatgan.

“Jimgina rozi bo‘lib, barchasiga ko‘nishim mumkinmidi? Ha, mumkin edi. Mukofotlar, AQSHga safar va chiroyli suratlar uchun. Biroq men bu jamoani juda yaxshi ko‘raman, mamlakatimizni juda qadrlayman. Shuning uchun – yo‘q. Men bu sirkning bir qismi bo‘lishni istamadim”, deydi u.

Qayd etish joiz, Sherzod Egamberdiyev joriy yilning 9 sentyabr kuni ishdan ketgani haqida o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali ma’lum qilgan.

O‘FA rahbariyati anchadan beri milliy terma jamoaga bosh murabbiy qidirmoqda. Kannavarodan oldinroq Paulu Bentu, Fotih Terim va Yoaxim Lyov nomlari ham ko‘rib chiqilgan. Biroq Yoaxim Lyov va Paulu Bentu O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqarish taklifini rad etgan.

Hozirgi kunda MTJni boshqarayotgan Timur Kapadze ham CAFA Nations Cup-2025 musobaqasi oldidan matbuot anjumanida O‘FA Jahon chempionatini ko‘rgan, tajribali mutaxassis jamoada ish boshlashini xohlayotganini tasdiqlagandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi terma jamoa murabbiyligi masalasi bo‘yicha Fabio Kannavaro bilan og‘zaki kelishuvga erishgani haqida xabar berilgan edi. Xalqaro nashrlar esa 52 yoshli mutaxassisning maoshi murabbiylik xarajatlarini hisobga olgan holda yiliga taxminan 4 million yevroni tashkil etishini yozdi.

Mazkur mish-mishlar ortidan O‘FA ilk bor milliy terma jamoa murabbiyligi uchun Fabio Kannavaro bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida rasmiy bayonot berdi va OAV vakillaridan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan norasmiy va asossiz xabarlarga tayanmasliklarini so‘radi.


Maqola muallifi

Teglar

O'FA futbol Sherzod Egamberdiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing