Bugun Tramp Si Szinpin bilan gaplashadi 

Olam

image

Bugun, 19 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoy Raisi Si Szinpin bilan telefon orqali muloqot qiladi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Nashrning manbalariga tayanib yozishicha, suhbatning asosiy mavzulari sifatida tariflar va TikTok’ning AQSHdagi taqdiri muhokama qilinadi.

Qayd etilishicha, bu suhbat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo keskinligini yumshatishi va TikTok kelajagini hal etishi mumkin. 

“Juma kungi telefon muloqoti AQSH Prezidenti Donald Tramp va Xitoy Raisi Si Szinpin o‘rtasida o‘tadi. Unda TikTok taqdiri belgilanishi va dunyodagi ikki eng yirik iqtisodiyot o‘rtasidagi savdo keskinligi yumshashi ehtimoli bor”, deyiladi xabarda. 

“Bloomberg”ning qayd etishicha, bu ikki yetakchining iyun oyidan beri ilk muloqoti bo‘ladi. Shu vaqt ichida AQSH va Xitoy savdo cheklovlari sababli qarama-qarshilik holatida qolgan edi. 

Shu bilan birga, “The Washington Post”ning urg‘ulashicha, Oq uy Tayvanga 400 million dollarlik harbiy yordamni to‘xtatgan. Bu Xitoy bilan savdo kelishuvini tayyorlash va AQSH hamda Xitoy rahbarlarining shaxsiy uchrashuvi bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, Tramp Xitoy AQSHdan qurolni yordam dasturlari doirasida emas, balki tijorat shartnomalari asosida sotishni talab qilmoqda. Prezident Ukraina uchun ham shunday sxemani qo‘llagan.

Oldinroq, AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Xitoy AQSH bilan TikTok ijtimoiy tarmog‘ini sotish shartlari bo‘yicha kelishuvga erishganini aytgandi. Bessent tafsilotlarni oshkor qilishdan bosh tortib, barcha ma’lumotlar joriy yilning 19 sentyabr kuni Donald Tramp va Si Szinpin muloqotida e’lon qilinishini bildirgan

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Si Szinpin bilan Janubiy Koreyada 31 oktyabr-1 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida uchrashishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Uch nafar AQSH ma’muriyati vakiliga ko‘ra, bu borada jiddiy muhokamalar olib borilmoqda, biroq aniq reja hozircha yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Xitoy Si Tszin'pin Oq uy TikTok

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing