Chiqindi uchun aholidan asossiz 9 mlrd so‘m undirilgani aniqlandi
3-sahifa
−
02 dekabr 3911 1 daqiqa
Toshkent viloyatida aholi uchun maishiy chiqindi tashish xizmatlari ko‘rsatish jarayonida jiddiy qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilib, 250 mingga yaqin iste’molchidan jami 8,8 milliard so‘mdan ortiq asossiz to‘lov undirilgan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayrim xonadonlardan chiqindilar umuman olib ketilmagan yoki xizmatlar to‘liq ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, ularga to‘lovlar hisoblangan.
Mazkur holatlar yuzasidan hududiy boshqarma huzuridagi Maxsus komissiya tomonidan “Rahnamo Servis”, “Zero-Waste”, “Zangiota Obodon”, “Angren Bunyod Fayz” va “Ohangaron Sanitariya Tozalash” MCHJlariga nisbatan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgani bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Natijada 250 mingga yaqin abonentga 8,8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish haqida qaror qabul qilingan.
Qo‘mita tomonidan korxonalar kelgusida bunday qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun ogohlantirilgan va ularga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha rasmiy ko‘rsatmalar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi Toshkent shahrida faoliyat olib boruvchi avtoturargoh operatorlarining ustun muzokara kuchini e’tirof etish yuzasidan tegishli o‘rganishlar olib borilayotganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi