Chinozda noyob lochinlarni saqlagan shaxs 620 mln so‘m jarimaga tortildi (video)
3-sahifa
−
23 Sentabr 4911 2 daqiqa
Toshkent viloyatida noyob lochinlarni noqonuniy saqlab turgan shaxs 620 million so‘mdan ortiq jarimaga tortildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ekologiya vazirligi, Ekologik nazorat inspeksiyasi, Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi hamda Ichki ishlar boshqarmasi tezkor qidiruv xodimlari tomonidan navbatdagi tezkor reyd tadbiri o‘tkazilgan. Reyd davomida Toshkent viloyati, Chinoz tumani “Yangi Obod” MFY, Samarqand ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro T.A. tomonidan yovvoyi qushlar saqlanayotgani aniqlangan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi qushlar turiga mansub bir dona “Sapsan” lochini hamda bir dona “Jig‘oltoy” lochini noqonuniy ravishda ushlanib, panjarali qafasda tutqunlikda saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan qonuniy tartibda guvohlar ishtirokida tegishli rasmiylashtirish ishlari olib borilgan va qushlar huquqbuzardan olib qo‘yilib, vaqtincha saqlash uchun Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan.
Bildirilishicha, mazkur holatda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlar buzilgan. Oqibatda hayvonot dunyosiga 620 million 884 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Ish yuzasidan yig‘ilgan barcha hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani “Zilha” MFY hamda Buvayda tumanining “Boston buvo” MFY hududlaridagi qum barxanlarida fuqarolar tomonidan tipratikan hamda ilon noqonuniy saqlanib, sho‘rva tayyorlab sotilayotgani aniqlangandi.
Live
Barchasi