G‘alati jinoyatlar, pedofillarga “zarba” va AQSHdan e’tirof — hafta tahlili

Tahlil

Toshkentda erkak hamkasbini zo‘rlamoqchi bo‘ldi. Ona mehrining cheksizligi: yong‘indan ikki bolasini himoya qilishga uringan ayolning bolalarini quchoqlagan holatdagi jasadi topildi. Nihoyat pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosi tayinlandi. Qaynonasiga 14 marta pichoq tiqqan kelin qamaldi. Qamoqdagi Mubashshir Ahmadning ahvoli og‘irlashdi. Jurnalistika universitetida forma kiymagan talabalar darsga kiritilmadi. Tramp Mirziyoyevni tan oldi.

Bu galgi hafta tahlilini juda ta’sirli, alamli va fojiali holat sharhi bilan boshlaymiz. Joriy yilning 16 fevral kuni xonadonda chiqqan yong‘in oqibatida ona va uning ikki yosh bolasi vafot etdi. Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Beltepa ko‘chasida yuz bergan fojia ona mehrining qay darajada kuchli ekanini yana bir bor eslatdi. Olov qurshovida qolgan vaqtida marhuma bolalarini himoya qilish maqsadida ularni o‘z tanasi bilan to‘sishga uringan, farzandlarini yerga yotqizib, ustilarida qalqon bo‘lib turgan. Hatto joni uzilgan ona bolalarini mahkam quchoqlab olgan holatda topilgan. U farzandlarini qutqarishga qanchalik uringanini tasavvur qilish qiyinmas.

Guvohlarning aytishicha, ayol va uning ikki jigarbandini eshikdan olib chiqishning iloji bo‘lmagan, shu sabab qo‘shnilar devorni buzib, ichkariga kirishgan. Ammo baribir kech bo‘lgan. Xonadondagi boshqa shaxslarga tezkor yordam ko‘rsatilgan, bir nafar fuqaro esa shifoxonaga yetkazilgan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi o‘rganilmoqda.

Ortda qolayotgan 7 kunlikda yana bir ona-bola bilan bog‘liq holat muhokamalarga sabab bo‘ldi. Faqat bu safar vaziyat sal boshqacharoq. Toshkentda 25 yoshli ayol farzandini 7-qavat derazasidan chiqarib, uning hayotini xavf ostiga qo‘ydi. Eng ajablanarlisi, bu holatni o‘zi videoga olib ijtimoiy tarmoqqa joylagan. Ma’lum bo‘lishicha, bu holat Yangihayot tumani “Yangi Choshtepa” mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Onaning harakatlari muhokamalarga sabab bo‘lgach, zudlik bilan vaziyat o‘rganildi va ayolning ruhiy holatini tekshirish uchun ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasiga yuborildi. IIB bildirgan rasmiy munosabatga ko‘ra, uning farzandiga jiddiy zarar yetmagan va bola yaqin qarindoshlari nazoratiga topshirilgan.

Onaning bolaga mehri haqida gap ketarkan, nafaqat O‘zbekistonda balki, butun dunyoda keng muhokama qilinayotgan, ko‘pchilikni ta’sirlantirgan mitti maymuncha va uning o‘yinchoq onasi haqida ham ma’lumot berib o‘tamiz. Siz ham bu kabi videolarni tomosha qilganingiz aniq, agar ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lsangiz. Xo‘sh, guruhidan ajralishi ortidan mashhur bo‘lgan pingvindan keyin endi odamlar nega bu maymunchani diqqat bilan kuzatmoqda? Nega u o‘yinchoq bilan yuradi doim?

Bu maymunchaning laqabi — Panch. 2025 yilning jazirama iyulida Yaponiyadagi Ichikava hayvonot bog‘ida dunyoga kelgan. Manzildagi mutaxassislarning aytishicha, o‘z onasi undan voz kechgan. Bunga sabab sifatida esa makaka birinchi marta ona bo‘lgani, undagi tug‘ruq charchog‘i va jazirama issiq ko‘rsatilgan. Ha, ba’zi maymunlar shunaqa bo‘ladi o‘zi. Tug‘adi-yu, boladan qutulishni o‘ylab qoladi. Gap haqiqatda jonivorlar haqida ketyapti.

Xullas, xavfli vaziyatga tushib qolgan, 500 grammgina vazn bilan tug‘ilgan Panchning hayotini saqlab qolish, uni ovqatlantirishga bog‘ xodimlari mas’ul bo‘lishgan. Bu ishni a’lo darajada qilishgan ham. Ammo maymun bolalari uchun ozuqadan tashqari onasining yungi va issiq tafti ham juda muhim. Ularning o‘rnini bosish uchun xodimlar unga sochiqlar, turli matolar berib ko‘rishdi, biroq mittivoy ularga ko‘nikmadi. Kundan-kunga tushkunligi oshib borgan makakaga oxir-oqibat, yumshoq orangutan o‘yinchog‘i berildi. Panch go‘yo o‘z onasini topgandek unga yopishib olgan. Hatto uxlaganda ham undan ayrilmaydi. Eng ta’sirli qismi esa keyin boshlangan.

Joriy yil, yanvar oyida u o‘z to‘dasiga qaytarildi, biroq u yerda uni qabul qilishni istashmadi. Boshqa maymunlar begona hid kelayotgan va g‘alati o‘yinchoq ko‘targan Panchga tahdid qila boshlashdi. Uni o‘zlaridan itargan, turtkilagan, aylantirib uloqtirishgan hatto. 6 oylik bo‘lgan maymunchaning aynan mana shu xo‘rlangani, yolg‘izlangani, mehr, najot kutib atrofga alanglagani, to‘dasidan arang qochib o‘yinchoq onasining bag‘riga yotib olgani, tirik qolish uchun kurashayotgani aks etgan tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltirdi. Rostdan ham ularni shunchaki tomosha qilib bo‘lmaydi. Avvaliga X tarmog‘ida ommalashgan videolar keyinchalik Instagram, Tik-Tok kabi platformalarda ham millionlab tomosha qilindi.

U uchun #G‘ayratQilPanch heshtegi ostida millionlab postlar yozildi. Odamlar uning mardligiga, yolg‘izlikka qarshi kurashiga qoyil qolishdi, olqishlashmoqda hozirgacha ham. Panchni ko‘rish uchun hayvonot bog‘iga rekord darajada ko‘p odam tashrif buyurdi. 19 fevral holatiga ko‘ra, keluvchilar soni odatdagidan 4 baravardan ko‘proqqa oshgan. Panchning o‘yinchoq onasi — jigarrang orangutanning savdosi ham keskin oshgan. Hozirda ushbu o‘yinchoq 15 dan ortiq mamlakatlarda "Bestseller", ya’ni eng ko‘p sotilayotgan mahsulot maqomini olgan. Mashhurlik shunchalik yuqori bo‘ldiki, hatto o‘yinchoqni ishlab chiqaruvchi “IKEA Japan” kompaniyasi direktori hayvonot bog‘iga shaxsan tashrif buyurib, Panch uchun "zaxira ona" sifatida bir nechta yangi o‘yinchoqlarni sovg‘a qildi.

Bugungi kunda Panch 2 kilogramm vaznga ega. U hali ham o‘z jamoasiga to‘liq qo‘shilib keta olgani yo‘q. Ko‘p vaqtini chetda, alohida, yakkalangan holatda o‘sha sevimli o‘yinchog‘i bilan o‘tkazadi. Ammo mutaxassislar ijobiy o‘zgarishlarni qayd etishyapti. U asta-sekin boshqa maymunlar bilan muloqotga kirishmoqda. 

Panchning bu ta’sirli hikoyasi shunchaki hayvonot olamining shafqatsiz standartlarini ko‘rsatmayapti. U insoniyatga oyna tutgandek go‘yo. Chunki onalik maqomini lahzalik hisga almashayotganlar bizda ham yo‘q emas. Har holda, chiqindi idishidan topilgan chaqaloq, hojatxonaga tashlab ketilgan go‘dak voqealarini hali unutganimiz yo‘q. Qolaversa, xulosa sifatida o‘zaro mehrsizlik, o‘zidan boshqani o‘ylamaslik, atrofga e’tiborsizlik, ko‘pchilikka yetishmayotgan samimiyat masalasida ham ramziy tarsaki bo‘ldi deyish mumkin.

Panch o‘zining o‘yinchoq "onasi"ga yopishib olib, dunyoga bir haqiqatni baqirib aytayotgandek: "Har bir mitti jon himoyaga va xavfsiz bag‘riga muhtoj!" Hayvonot olamidagi bu kurash ortida insoniy jamiyatdagi mudhish bir illat — bolalarga nisbatan shafqatsizlik va pedofiliya soyasi ko‘rinadi. Hayvonot dunyosida ona o‘z bolasidan voz kechishini, boshqalari uni qabul qilmasligini tushunish mumkin, bu instinkt, “ha endi bir hayvonda” deb. Ammo "aqlli mavjudot" sanalgan insonlar orasida mitti go‘daklarning hayotini poymol qiladigan, ularning beg‘uborligini o‘ldiradigan "maxluqlar"ning borligi — bu kechirib bo‘lmas jinoyatdir.

“Yangi hayot” tumanida avval zo‘rlab, keyin o‘ldirilgan 12 yoshli qizni, Toshkent shahrida avtobus ichida 13 yoshli o‘g‘il bolaga shilqimlik qilgan erkakni, Xorazmdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini oylab zo‘rlab kelgan amaldorlarni yaxshi eslasangiz kerak. Bu voqealar hammani shokka tushirgandi. Ammo kechirib bo‘lmas jinoyatni sodir etganlar uchun berilgan jazolar insonlarning yanada hayratini oshirgan, “nega” degan savollarni keltirib chiqargandi.

Ammo endi bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka keskin chora ko‘riladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy qilishni ma’qulladi. Bu haqda joriy yil, 16 fevral kuni eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026 yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot bilan tanishuv chog‘ida ma’lum qilindi. Ha, uzoq kutilgan kunlar bu. Qanchadan-qancha onalarning achchiq ko‘z yoshi, ko‘plab ojiz bolalarning barbod qilingan hayoti, o‘nlab otalarning faryodi va davlat rahbarining siyosiy irodasi ortidan qabul qilingan bu qarorni bemalol tarixiy deb atash mumkin!

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yana bir qarori ko‘plarni xursand qildi. 16 fevral kuni Ramazonda ehtiyojmand aholi uchun 1 trln so‘mdan ortiq pul ajratilishi ma’lum qilindi. Bunda “Vakf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan. Raqamlar ham aniq: 700 mingta oilaga moddiy yordam beriladi. 6 ming nafar fuqaroning davolanishi va zarur jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlari qoplanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan bu tashabbus fuqarolar tomonidan olqishlandi. Shavkat Mirziyoyev amalga oshirayotgan ishlarni AQSH prezidenti Donald Tramp ham tan oldi. 19 fevral kuni haftaning eng yirik siyosiy tadbiriga guvoh bo‘ldik. AQSHda prezident Tramp tomonidan tashkil etilgan “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unga kamida 40 ta davlat vakillari, jumladan, davlat rahbarlari tashrif buyurgan. Mehmonlarni birma-bir tanishtirgan AQSH prezidenti Shavkat Mirziyoyevni do‘sti deb hisoblashini bildirdi. 

Donald Tramp O‘zbekiston va yana 8 ta davlat G‘azoni tiklash uchun 7 mlrd dollar ajratishni zimmasiga olganini ma’lum qildi. Biroq qaysi davlat qanchadan berishini ochiqlamadi. Uchrashuv davomida Shavkat Mirziyoyev ham nutq so‘zladi. Prezident O‘zbekiston G‘azoda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar qurilishiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi. “Yangi G‘azoni barpo etishimiz kerak”, dedi davlat rahbari.

“Avvalambor, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp Janobi Oliylariga “Tinchlik kengashi”ning inauguratsiya majlisini chaqirgani uchun chin dildan minnatdorlik izhor etaman. Hech shubhasiz, bugungi sammit bu Prezident Trampning siyosiy irodasi va pragmatizmi natijasidir. Ishonchim komil, kengash ishi G‘azo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi. Ta’kidlab aytamanki, O‘zbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va shifoxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyor. Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga bo‘lgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir. Biz Yangi G‘azoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega bo‘lgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishi haqida QALAMPIR.UZ jamoasi katta material tayyorlagan. Uni “Tramp Mirziyoyevni tan oldi” sarlavhasi bilan qidirib, tomosha qilishingiz va ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin. Hozir esa biz ushbu sammitdan bir kun oldin bo‘lib o‘tgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Amerika ishbilarmon doiralari vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuviga to‘xtalmoqchimiz. Chunki bu jarayonlar mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega yaxshi yangiliklarni taqdim etdi. 

Aslida Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida o‘ta muhim xomashyo, neft-kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, parrandachilik va boshqa tarmoqlar ko‘rsatib o‘tildi. Ammo biz faqat bittasiga, Amerikaning nufuzli Gulf Oil kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga keng ko‘lamli investitsiyalar bilan kirib kelayotganiga e’tiboringizni qaratamiz. 

Gulf korporatsiyasi vitse-prezidenti Kreyg Kramerning ma’lum qilishicha, kompaniya yaqin ikki yil ichida O‘zbekistonda g‘arb standartlariga to‘la mos keladigan 100 ta zamonaviy yoqilg‘i quyish shoxobchasini barpo etadi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 150 million dollarni tashkil etib, mablag‘lar chakana savdo aktivlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Kramerning so‘zlariga ko‘ra, har bir ob’ekt o‘zining noyob dizayni va texnologik jihozlanishi bilan ajralib turadi. Muhimi, ushbu loyiha nafaqat yoqilg‘i savdosi, balki magistral yo‘llarda sayyohlar va tranzit tashuvchilar uchun maxsus transport markazlarini qurishni ham o‘z ichiga oladi. Bu esa mamlakat bo‘ylab jami 3 mingta yangi ish o‘rni yaratilishini anglatadi.

Gulf kompaniyasining rejalari faqat O‘zbekiston bilan cheklanib qolmaydi. Kompaniya o‘zining butun Markaziy Osiyo bo‘yicha operatsion bazasini aynan Toshkentda joylashtirishga qaror qildi. Bu qadam O‘zbekiston poytaxtini mintaqaviy logistika va chakana savdo infratuzilmasining boshqaruv markaziga aylantiradi. Kompaniya vakili O‘zbekistonning barcha viloyat hokimlaridan qisqa fursatda 200 ga yaqin shaxobcha bo‘yicha aniq takliflar olinganini yuqori baholadi.

Bir muhim jihatni aytish kerak. Gulf kompaniyasi bozorga teng raqobat shartlari asosida kirmoqda. Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya uchun alohida imtiyozlar ko‘zda tutilmagan. Yoqilg‘i mahsulotlari Tovar-xomashyo birjasida umumiy tartibda xarid qilinadi yoki mustaqil ravishda import qilinadi. Vashingtondagi uchrashuv yakunida O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov va Kreyg Kramer o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. Ushbu hujjat o‘tgan yilning kuzida imzolangan 100 million dollarlik memorandumning mantiqiy davomi bo‘lib, loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari joriy yilning mart va avgust oylariga belgilangan.

AQSHdagi jarayonlarning O‘zbekistonga aloqador qismini tugatgach endi biroz ortga qaytamiz. “Tinchlik kengashi”ga a’zo bo‘lgan Markaziy Osiyoning ikki davlatidan biri Qozog‘iston G‘azoda tinchlikni ta’minlash uchun o‘z harbiylarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev o‘z nutqi davomida AQSH Prezidenti Donald Tramp nomidagi mukofotni ta’sis etish taklifini bildirdi. 

“Men Prezident Trampning tinchlikparvarlik sohasidagi ulkan yutuqlarini e’tirof etish uchun uning nomidagi maxsus “Tinchlik kengashi” mukofotini ta’sis etishni taklif qilmoqchiman” degan To‘qayev.

“Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Vashingtonga borgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev esa umuman boshqa vaziyat sabab muhokamalar markaziga chiqdi. U joylashgan mehmonxona oldida siyosiy muhojirlar tomonidan namoyish o‘tkazildi. Amerikada yashayotgan ozarbayjonlik muxolifatchilar Ozarbayjonda saqlanayotgan siyosiy mahbuslarga, xususan, Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi raisi Ali Karimliga ozodlik berilishini talab qilgan. Shuningdek, ular qo‘llarida ovoz kuchaytirgich bilan bir necha marotaba “Siyosiy mahbuslarga ozodlik”, “Diktator” deb baqirgan. Shundan so‘ng, namoyishchilarni Prezident qo‘riqlov xizmati xodimlari do‘pposlagan. Namoyishni bostirishda AQSH politsiyasi ham ishtirok etgan.

“Maqsadimiz – Ilhom Aliyev joylashgan mehmonxona qarshisida siyosiy mahbuslarga ozodlik so‘rab, tinch namoyish o‘tkazish edi. Bizning hech qanday provokatsiya qilish niyatimiz yo‘q. Biz Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi raisi Ali Karimliga ozodlik berilishini so‘radik. Ilhom Aliyevga Ozarbayjonda e’tiroz qilishning iloji yo‘q. Biz esa hech bo‘lmasa xorijda ovozimizni eshittirishni xohladik. Ilhom Aliyevning qo‘riqchilari esa bunga qattiq javob qaytardi. Ular bizga zarar berdilar, mening kiyimimni yirtishdi, meni do‘pposlashdi”, degan namoyish ishtirokchilaridan biri.

So‘nggi paytlarda siyosiy voqeliklar shu qadar ko‘p yoki davomiy bo‘lyaptiki, ularning har biriga batafsil to‘xtalish imkonsizdek. Ana shunday seriyali yangiliklardan biri shubhasiz Qirg‘izistondagi “tozalash”. Japarov va Tashiyev tandemi kutilmaganda “sinishi” haligacha turli taxmin va muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari ortidan uchta vazir ham ishdan olindi. 16 fevral kuni Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida qator kadrlar o‘zgarishi amalga oshirildi. 

Transport va kommunikatsiya vaziri Absattar Sirg‘aboyev, Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Meder Mashiyev hamda Favqulodda vaziyatlar vaziri Boobek Ajikeyev egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Shu bilan birga, bo‘shagan lavozimlarga vaqtinchalik rahbarlar tayinlangan. Jumladan, Transport va kommunikatsiya vaziri vazifasini vaqtincha bajarish Talantbek Soltobayev zimmasiga yuklatilgan. Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri vazifasini bajaruvchi etib Aqil Toktobayev tayinlangan. Favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini esa vaqtincha Urmatbek Shamirkanov bajarishi belgilangan.

17 fevral kuni esa Qamchibek Tashiyevning safdoshi ekani aytilgan Jenali Orozbayev Antimonopoliya xizmati rahbari lavozimidan ozod qilingan. Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vazirligi huzuridagi monopoliyaga qarshi tartibga solish xizmatiga yangi rahbar — Oybek Mamiraliyev tayinlangan. U 2023 yil 7 sentyabrdan buyon Antimonopoliya tartibga solish xizmatining raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. Avvalroq esa Prokuratura tizimida ham ketma-ket bo‘shatishlar amalga oshirilgandi. O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan mamlakatda sodir bo‘layotgan bu jiddiy silkinishning sabablari haqida batafsil bilmoqchi bo‘lsangiz, QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasidan “Bir qozonda qaynamagan ikki qo‘chqor kallasi” nomli videomaterialni tomosha qiling.

Endi esa mahalliy xabarlarga, aniqrog‘i joriy haftada tafsilotlari ochiqlangan jinoyatlarga to‘xtalamiz. Dastlab sizni g‘ijintirib yuborishi mumkin bo‘lgan vaziyatga to‘xtalsak. Toshkentda erkak hamkasbini zo‘rlamoqchi bo‘ldi. 

Gap shundaki, o‘tgan yili Namangan viloyatidagi banklardan birining xodimlari musobaqada qatnashishi uchun Toshkentga yuborilgan. 18 dekabrdan 19 dekabrga o‘tar kechasi erkak birga kechki ovqat qilish bahonasi bilan ayol yashayotgan mehmonxona xonasiga kirgan. Rad javobini olgach, ayolga nisbatan shilqimlik qila boshlagan va jinsiy xarakterdagi harakatlarni sodir etishga uringan. Ayolning ko‘rsatmasiga ko‘ra, uning “rozilik bergandan ko‘ra, o‘lganim afzal” degan so‘zlaridan keyin erkak uni karovatga yiqitib, yostiq bilan bo‘g‘a boshlagan va “unday bo‘lsa o‘l” deb zo‘rlik ishlatgan. Ayol bir amallab qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. 

Sudda tajovuzkor aybini tan olib, o‘z harakatlarini hamkasbini “yoqtirishi” bilan izohlagan. Zo‘r a? Sud erkakni Shahvoniy shilqimlik bo‘yicha aybdor deb topgan va 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan. Rostdan shunday jazo bergan. Nomusga tegmoqchi bo‘lgan shaxsga! Nimalarnidir qayta ko‘rib chiqish kerakdek go‘yo.

Toshkent viloyatining Bekobod shahrida qaynonasiga 14 marta pichoq urib, o‘ldirgan kelin esa 10 yilga qamaldi. Qaynona-kelin mojarosi telenovellalarning eng asosiy, o‘zgarmas, bitmas-tuganmas mavzusiga aylangan jamiyatimizda bunaqa voqealar bo‘lishi yangilikdek qabul qilinmayapti negadir. Balki ong osti allaqachon “normal holat” degan xulosani chiqarib bo‘lgandir. Ammo oilaviy janjalning sababini eshitsangiz “iya” deb qolishingiz mumkin. Bir kishini o‘limga, boshqasini qamoqqa hukm qilgan tortishuv hali tug‘ilmagan bola uchun reja qilingan “beshikto‘yi” sabab kelib chiqqan. Aslida 2025 yil kuz oylarida sodir bo‘lgan bu holat hukmi joriy haftada e’lon qilindi.

“Mana shu o‘ylab topiladigan yangicha urf-odatlar, xuddi musobaqadagidek kim o‘zarga qilinadigan isrofgarchiliklar qachon tugaydi” degan savol bundan yuz yil oldin ham berilgan. Javobni esa bugungi voqealar ovozsiz ravishda beryapti. Eng achinarlisi, bu kabi dabdababozliklar “ha endi o‘zbekchilikda” deb izohlanadi. Odamlarga o‘zini ko‘z-ko‘z qilishi uchun, “voy falonchixon zo‘r marosim qildi” deyishi uchungina bolalariga ham yegizmaydigan mahsulotlarni mehmonlarni oldiga qo‘yish bu o‘zbekchilik emas. Odamlar nimadir deyishidan qo‘rqib qarzga yoki kreditga botib bo‘lsa ham to‘y yoki boshqa ziyofat tashkil qilish bu o‘zbekchilik emas! Toki mana shu eng oddiy haqiqat tushunilmas, anglanmas ekan, maishiy narsalar uchun chiqadigan oilaviy janjallar yo‘q bo‘lib ketmaydi.

Navbatdagi holat tafsilotiga o‘tamiz. Yodingizda bo‘lsa 2025 yilning sentyabr oyida Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangan edi. Mazkur holat bo‘yicha ayblov xulosasi tasdiqlanib, ish sudga oshirildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi. 

Uning bildirishicha, joriy yil 10 fevral kuni Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan ayblov xulosasi tasdiqlanib, sudlovga yuborilgan. Hozirda 11 kishiga xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish va sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish bilan ayblov e’lon qilingan. Ularning 10 nafariga qamoqqa olish va 1 nafariga uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan.

“Jabrlanganlar soni qancha” degan savolga o‘sha paytda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov javob bergandi. Unga ko‘ra jami 1922 nafar, shu jumladan, bemor bolalar bilan muloqotda bo‘lgan boshqa bolalar ham tibbiy ko‘rik bilan qamrab olingan, ulardan 959 nafarida hech qanday klinik belgilar bo‘lmagani uchun darhol uylariga javob berib yuborilgan. Qolaversa, 269 bolaga davolanishdan so‘ng uyiga javob berilgan. Keyinroq esa yana 694 bola davolangan. 

Endi esa bevosita bizga, jurnalistlarga ham qisman aloqador bo‘lgan va hafta avvalida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan vaziyatga to‘xtalamiz. 16 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida forma kiymagan o‘nlab talabalar darsga kiritilmagani haqida xabarlar tarqaldi. 

Bu masala doim bahsli bo‘lgan. Kimlardir aniq tartib-qoida kerak desa, ayrimlar formaning bilim berilishi yoki olinishiga qandaydir ta’siri yo‘qku deb mantiq talab qiladi. 17 fevral kuni mazkur holatga O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja izoh berib, talabalar galstuk taqmagani uchun emas, balki darsga kechikib kelgani sababli mashg‘ulotlarga kiritilmaganini aytib chiqdi. Muhokamalardan so‘ng, 17 fevral kuni voqealarda asosiy fonga chiqib qolgan talaba Akmal Yo‘ldoshev o‘zining Facebook sahifasida formada tushgan rasmini e’lon qildi. Bu masalada yakuniy xulosani berib o‘tirmaymiz. Chunki har ikki tomonda o‘zicha haq deb biladigan asos bor.

Biz shunchaki bundan 103 yil oldin aytilgan millat jadidlaridan biri Munavvarqori Abdurashidxonovnig gapini eslatamiz: “Bugungacha Ovrupo xalqi osmong‘a uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovrupolilar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va qisqa kiyim janjallari, Ovrupo shaharlari butun elektrik bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jo‘g‘rofiya va tabiyot o‘qitish, o‘qitmaslik ixtiloflari davom etadi”.

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi koloniyada saqlanayotgan diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) sog‘lig‘i yomonlashgani sabab Toshkentdagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli “Sangorod” shifoxonasiga ko‘chirildi. 

Avvalroq Tursunovning advokati Abdulloh Sodiq QALAMPIR.UZʼga Tursunovning sog‘lig‘i yaxshi emasligi, qandli diabet kasalligining II-turi bilan hastalangani, shu sabab ancha yillardan buyon aziyat chekib kelayotgani, ushbu shaxsni qamoqda saqlab bo‘lmasligi yuzasidan iltimosnomalar kiritilgan bo‘lsa-da, ehtiyot chorasi va jazo tayinlash masalasida ushbu holatlar inobatga olinmaganini aytgandi. Bu mavzu bo‘yicha ham kengaytirilgan reportaj jamoamiz tomonidan tayyorlangan. “Mubashshir Ahmadning ahvoli og‘irmi” deb qidiruv berish orqali uni tomosha qilishingiz mumkin.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov “Mubashshir Ahmadning hastaligidan kelib chiqib IIV Jazoni ijro etish departamenti insonparvarlik tamoyillari asosida jazoni yengilroq choraga almashtirish bo‘yicha sudga taqdimnoma kiritishiga umid bildirilmoqda” deya ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga yozib qoldirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Shavkat Mirziyoev Energetika vazirligi O'zbekiston Donal'd Tramp Ozarbayjon Ilhom Aliev IIB Ramazon fojia Markaziy Osiyo talabalar Jurnalistika forma jazo Mubashshir Ahmad Abdurahmon Tashanov G'azo shilqimlik ehtiyojmand aholi Tik-Tok Panch Hayvonot olami

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing