Dubay portida Quvayt neft tankeri hujumga uchradi
Olam
−
31 mart 3936 2 daqiqa
Bugun, 31 martga o‘tar kechasi Dubay porti yaqinida Quvaytga tegishli neft tankeri hujumga uchradi. Bu haqda Buyuk Britaniya dengiz savdosi koordinatsiya markazi xabar berdi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, Dubaydan taxminan 57 km uzoqlikda noma’lum snaryad tankerga tegib, unda yong‘in yuzaga kelgan.
Gap Al-Salmi nomli tanker haqida ketmoqda. Xabarda aytilishicha, snaryad kemaning o‘ng tomonidan urilib, yong‘in keltirib chiqargan. Ekipaj xavfsiz, atrof-muhitga zarar yetgani qayd etilmagan. Dubay rasmiylari yong‘inni o‘chirishga muvaffaq bo‘lganini va hujum dron orqali amalga oshirilganini bildirgan.
KUNA ma’lumotiga ko‘ra, hujum vaqtida tanker to‘liq yuklangan va langar tashlab turgan. Uning maksimal sig‘imi qariyb 320 ming tonna neftni tashkil etadi. Agentlik hujumni Eron tomonidan amalga oshirilgan “to‘g‘ridan to‘g‘ri va qasddan qilingan zarba” deb baholab, bu hodisa tanker korpusiga zarar yetkazganini va neft to‘kilishi xavfini yuzaga keltirganini bildirgan.
Qolaversa, o‘sha kechasi Dubayning Al-Bada tumanida urib tushirilgan raketa qoldiqlari tashlandiq uyga tushib, yana bir yong‘in kelib chiqqan. Oqibatda yaqin atrofdagi 4 kishi yengil jarohat olgan.
Shu kecha boshqa davlatlar ham hujumlar haqida xabar bergan. Quvayt Mudofaa vazirligi “dushman raketa va dron hujumlari qaytarilayotganini” ma’lum qilgan. Bahraynda esa hujum xavfi sababli sirenalar yangragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri xalqaro aeroporti yaqinida uchuvchisiz uchish apparati hujumi oqibatida yoqilg‘i saqlanadigan baklardan biri yonib ketgandi.
Live
Barchasi