Dubayda dunyodagi eng baland metro bekati quriladi

Olam

image

Joriy yilning 9 iyun kuni Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti va Bosh vaziri shayx Muhammad bin Rashid Al Mahdum Dubay metrosining 74 metrlik “Moviy” liniyasi qurilishi uchun tamal toshini qo‘ydi. Bu haqda “Khaleej Times” xabar berdi.

Dubai Creek Harbor hududida joylashadigan bekat Emaar Properties Station deb nomlanadi. U 11 ming kvadrat metr maydonni egallaydi va kuniga 160 minggacha yo‘lovchini qabul qila oladi. Loyiha qiymati 56 milliard dirham bo‘lib, umumiy uzunligi 30 kilometrni tashkil etadi. Shundan 15,5 kilometri yer ostidan, 14,5 kilometri esa yer ustidan o‘tadi.

Stansiyalar zamonaviy qulayliklar bilan ta’minlanadi. Ular orasida velosiped va elektroskuterlar uchun maydonchalar, taksi to‘xtash joylari hamda avtobus bekatlari bo‘ladi. Dubai Creek Harbor hududidagi stansiya shaharning muhim arxitektura va transport markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Dubay metrosi Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi birinchi o‘ta zamonaviy, dunyodagi eng uzun, to‘liq avtomatlashtirilgan va haydovchisiz tezyurar poyezdlar tarmog‘i hisoblanadi. Bundan tashqari, u arzon va qulay harakatlanish usuli bo‘lib, megapolisning barcha diqqatga sazovor joylariga qulay sayohatlarni ta’minlaydi. Har oyda 5 million sayyoh va mahalliy aholi tezyurar poyezdlar xizmatidan foydalanadi.

Ushbu liniya 2029 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng Dubay metrosining umumiy uzunligi 131 kilometrga, stansiyalar soni esa 78 taga yetadi. 

Yangi liniya har kuni 320 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi va shaharning asosiy hududlari bo‘ylab transport aloqalarini sezilarli darajada yaxshilashi kutilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonida qurilayotgan “Jeddah Tower” osmono‘par binosi loyihasi ustida ishlayotgan Kingdom Holding Company dunyodagi eng baland bino qurilishi 2028 yilda yakunlanishini e’lon qilgandi. Loyiha Chikagodagi Adrian Smith + Gill Gordon Architecture studiyasi tomonidan ishlab chiqilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Dubay metro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing