Dunyodagi har uchinchi ayol jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi – BMT
Olam
−
23 Sentabr 2025 3715 2 daqiqa
Gender tengligi masalasi BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tayotgan umumiy siyosiy munozaralarda delegatlar e’tibor markazida turibdi. Bu haqda BMT matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh Assambleya raisi Annalena Berbokning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda ayollar erkaklar bilan to‘liq teng bo‘lgan mamlakat yo‘q.
"Hanuzgacha juda ko‘p joylar borki, u yerda ayollar huquqlari haqida gapirishning o‘zi ham inson hayotiga tahdid soladi", deydi u.
Annalena Berbok zo‘ravonlik va reproduktiv huquqlar bo‘yicha tashvishli statistikani keltirdi.
“Dunyodagi har uchinchi ayol hayoti davomida hech bo‘lmaganda bir marta jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi. Pekin majburiyatlarini bajarish shuni anglatadiki, birorta ham erkak siyosatchi, sudya yoki diniy yetakchi bizning qizlarimizga o‘z tanasi bilan nima qilishni ko‘rsatishga jur’at etmasligi kerak, chunki ular inson, mulk emas. Bu bizning tanamiz. Bizning tanlovimiz”, deydi u.
Bosh Assambleya raisining aytishicha, gender masalasida iqtisodiy tenglikka erishish uchun asrdan ko‘proq vaqt kerak bo‘lishi mumkin.
“Hozirgi sur’at bilan bunga 123 yil ketadi. Gender tafovutini tugatish global YAIMni 7 trillion dollarga oshirgan bo‘lardi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2024 yilda qurolli mojarolar sharoitida sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlikning 4500 ta holati qayd etilgani va jabrlanuvchilarning katta qismi – 93 foizi ayollar va qiz bolalar ekani haqida xabar bergan edi.