Dunyoning eng boy davlatlari reytingi e’lon qilindi

Olam

image

Bugungi kunda dunyoning eng yuqori daromadga ega bo‘lgan o‘nta davlatidan yettitasi Yevropada joylashgan. Bu haqdagi reyting “Visual Capitalist” tomonidan e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu davlatlarni birlashtiruvchi asosiy omillar aholining kam sonli bo‘lishi va rivojlangan ijtimoiy ta’minot tizimlaridir.

Infografikada Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2025 yil uchun yangilangan ma’lumotlari asosida aholi jon boshiga eng yuqori YAIMga ega davlatlar ko‘rsatilgan.

Unga ko‘ra, birinchi o‘rinda – Lixtenshteyn. Bu mamlakatda aholi jon boshiga YAIM 231 ming 713 dollarni tashkil etadi. Bunday yuqori ko‘rsatkichning sababi – mamlakatda ishlovchilarning taxminan 60 foizi chet eldan kelib ishlashi. Bu esa statistika bo‘yicha o‘rtacha daromadni sun’iy ravishda oshiradi. Shunga o‘xshash vaziyat ikkinchi o‘rinda turgan Lyuksemburgda ham mavjud.

Uchinchi o‘rinda Irlandiya – 129 132 dollarlik ko‘rsatkich bilan. Google’dan tortib Meta’gacha bo‘lgan ko‘plab texnologik gigantlarning Yevropa shtab-kvartiralari Irlandiyada joylashgani, mamlakatning qulay soliq siyosati bu ko‘rsatkichning o‘sishiga xizmat qilgan.

Keyingi o‘rinlarda Shveysariya, Islandiya va Singapur joylashgan. Bu davlatlarda daromad darajasi haqiqiy aholining yuqori farovonligi bilan bog‘liq bo‘lib, soliq chegirmalari yoki katta miqdordagi chet ellik ishchilar oqimiga bog‘liq emas. Ayniqsa Singapur e’tiborga loyiq. 1980 yildan buyon o‘rtacha daromad 19 baravar oshgan, chunki shahar-davlat dunyoning yirik moliya va savdo markazlaridan biriga aylangan.

Ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu ro‘yxatdan O‘zbekiston ham, Markaziy Osiyo davlatlari ham joy ololmagan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi eng boy odam o‘zgargani – Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Maskning o‘rnini Oracle asoschisi Larri Ellison egallagani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Irlandiya Lixtenshteyn Lyuksemburg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing