Lyuksemburg ham Falastinni tan olmoqchi
Olam
−
17 Sentabr 2378 2 daqiqa
Lyuksemburg rasmiy ravishda Falastinni tan oladi. Bu haqda joriy yilning 15 sentyabr kuni mamlakat Bosh vaziri Lyuk Friden va Tashqi ishlar vaziri Ksave Bettel parlament qo‘mitasi majlisida e’lon qildi.
Kutilishicha, Lyuksemburg hukumati sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishida Falastinni tan olish masalasida Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada va Belgiya bilan birlashadi. Qo‘shimcha ma’lumotlar ham aynan o‘sha yerda, boshqa davlatlar bilan hamkorlikda aniqlashtirilishi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, BMTning 193 a’zo davlatidan 140 dan ortig‘i allaqachon Falastinni tan olgan, jumladan, Yevropa Ittifoqi a’zolari Ispaniya va Irlandiya ham.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze Falastinni tan olishni sentyabr oyida Bosh assambleya yig‘ilishida e’lon qilishini bildirgandi.
Iyul oyi oxirida esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Falastinni tan olishni Falastin-Isroil mojarosida uzoq muddatli tinchlikka erishish yo‘lidagi asosiy qadam deb atadi. U, shuningdek, Falastin davlatini tan olish ikki davlat tinch-totuv yashashi uchun sharoit yaratishga qaratilgan keng qamrovli reja doirasiga kirishini ta’kidlagan edi. O‘z navbatida, Isroil Buyuk Britaniya Falastinni suveren davlat sifatida tan oladigan bo‘lsa, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni to‘xtatishi mumkinligini bildirdi.
Shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham iyulda BMT Bosh assambleyasida Falastinni tan olishga tayyorligini bildirgan edi.
Bundan tashqari, Belgiya, Portugaliya, Kanada va Malta kabi G‘arb davlatlari ham Falastinni tan olish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Ularning aksariyati buni yaqinda bo‘ladigan BMT Bosh assambleyasida amalga oshirmoqchi.
Live
Barchasi