Bakuda rossiyaliklar emaklatildi. Rossiyada esa ozarbayjon tadbirkori qo‘lga olindi

Tahlil

Agar siz postsovet davlatlaridan birida yashayotgan bo‘lsangiz, katta ehtimol bilan xayolingizga yuqorida ko‘rsatilgan videotasvirdagi holat Rossiyada bo‘lgan degan fikr kelishi tabiiy. Albatta, agar kecha, 1 iyul kunida sodir bo‘lgan qiziq voqea-hodisalar haqidagi xabarlardan bexabar bo‘lsangiz, tasvirdagi kuchishlatar tuzilmalar Rossiyaning OMONi, qiynoqqa solinayotganlar esa o‘zbek, tojik yoki qirg‘iz millatiga mansub migrantlar deb o‘ylagan bo‘lsangiz ham ajab emas. Ammo bu safar unday emas. Bu Ozarbayjon huquq-tartibot idorasi xodimlari, ular tomonidan emaklatilayotganlar esa narkotik savdosida ayblanib qo‘lga olingan ruslardir. Ha, postsovet davlatlari ichida tarixiy burilishlarni amalga oshirish, eski bosqinchi bilan kuchli siyosiy iroda bilan gaplashish hozircha faqat Ozarbayjonga nasib qilmoqda.

Rossiyada aynan ozarbayjonliklarga qarshi boshlangan etnik zug‘um ortidan ikki davlat 3 kundan buyon keskin ziddiyatli holatda. Rossiyaning Yekaterinburg shahrida OMON tomonidan o‘ldirilgan aka-uka Safarovlar voqeasi buning asosiy omili ekanidan xabaringiz bor. Rossiya tomoni ularning jasadini o‘z yaqinlariga topshirdi. Shundan so‘ng, yangi tafsilotlar yuzaga chiqa boshladi. Ozarbayjon rasmiylari ikkinchi marotaba o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi Rossiya tomoni bergan xulosalar bilan bir-biriga zid bo‘lganini ta’kidlashdi. Rossiya ekspertlari o‘lim sababini yurak yetishmovchiligi deb ko‘rsatgan bo‘lsa-da, ozarbayjonlik mutaxassislar marhumlarda keng tarqalgan tan jarohatlarini aniqlagan. Bu esa aka-ukalar Rossiyaning qo‘li qonga botgan kuchishlatar tizimlari tomonidan qiynoqqa solinganini anglatadi. Bir so‘z bilan aytganda, ular o‘lasi qilib kaltaklangan.

Ziyoddin va Husayn Safarovlarning tanasida ko‘plab tan jarohatlari – burun sinishi, ko‘krak qafasi deformatsiyasi, gematomalar va ko‘karishlar qayd etilgan. Ozarbayjon ekspertlariga ko‘ra, Ziyoddin Safarov “ko‘plab jarohatlar tufayli yuzaga kelgan travmatik shok”dan, uning akasi Husayn esa “travmatik va gemorragik shok” – ya’ni kuchli qon yo‘qotilishi oqibatida vafot etgan. Ammo shunday bo‘lsa-da, Rossiya tomoni bunday qilmishidan uyalmayapti. Ular aksincha, Ozarbayjonning reaksiyasini noo‘rin deya ta’kidlab, bu Rossiyaning ichki ishlariga aralashish ekanini iddao qilyapti. Kremlning bunday sovuqqon munosabatining sodda tarjimasi esa quyidagicha bo‘ladi. “Men bosqinchi imperialistman. Yoqsa shu, yoqmasa katta ko‘cha”. Ortda qolgan yillar davomida Markaziy Osiyoning qator davlatlari, jumladan, O‘zbekiston ham shunday munosabatga duch kelgani hech kimga sir emas. Ammo Ozarbayjon rus shovinizmiga ortiq toqat qilmasligi va u bilan hisoblashmasligini bugun yaqqol namoyon qilmoqda.

Rossiya: Qo‘yib yubor
Ozarbayjon: Aslo

Ozarbayjondagi “Sputnik Ozarbayjon” nashri muharrirlari hibsga olingach, Rossiya Ozarbayjondan rus jurnalistlarini tezda qo‘yib yuborishini talab qilgani ma’lum bo‘ldi. Ozarbayjonning Rossiyadagi elchisi Rahmon Mustafoyev Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, unga og‘zaki nota topshirilgan. Notada esa rus jurnalistlarini darhol ozod qilish talabi bildirilgani aytilmoqda. Ammo Ozarbayjon Rossiyaga aynan uning uslubida javob qaytardi. Rasmiy Baku Rossiyaning notasiga tupurdi. Mahalliy OAV Ozarbayjon ichki ishlar vazirligiga tayanib, “Sputnik Ozarbayjon” muharrirlarini, Baku nazarida esa Rossiya FXX agenti deya gumonlanayotgan ikki shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.

Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi “Sputnik Ozarbayjon” nashrida o‘tkazgan reydi natijasida yetti kishini qo‘lga oldi. Ma’lum qilinishicha, qo‘lga olinganlar Ozarbayjon Jinoyat kodeksining firibgarlik, noqonuniy tadbirkorlik va jinoyat yo‘li bilan olingan mol-mulkni qonuniylashtirish moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortilishi mumkin. Muharrir niqobi ostida josuslik qilgan Kartavix va Belousov esa yana 4 oy hibsda qolishi haqida xabarlar chiqdi. Mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Ruslar Bakuda emaklatildi

1 iyul kuni Ozarbayjonning Baku shahrida yana bir nechta Rossiya fuqarolari hibsga olindi. Ularning ikki jinoiy guruhga aloqasi bo‘lishi mumkinligi taxmin qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ular narkotik moddalarni Eron orqali tranzit qilish, ularni onlayn tarzda sotish va kiberfiribgarlikda gumonlanmoqda. Shuningdek, Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi ikki jinoiy guruh faoliyati to‘xtatilganini ma’lum qildi va guruh a’zolari orasida Rossiya fuqarolari ham borligini bildirdi. Yuqorida ta’kidlanganidek, ushbu guruhlarning giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi va kiberjinoyatlarga aloqasi borligi aytilmoqda.

Ammo bu masalaning eng asosiy jihati emas. E’tiborga molik joyi shuki, mazkur holat, ya’ni ruslarni hibsga olish jarayoni Ozarbayjon mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritildi. Operatsiya vaqtida olingan videolarda gumondorlarning yerga yotqizilib, qo‘llari bog‘langan holda olib ketilayotgani, ayrimlarining yuzida qon izlari borligi aks etgan. Ular zanjirga o‘xshash tarzda yurishga majburlangan, hatto ba’zilari cho‘kka tushirilgan holatda olib ketilgan. Bu tasvirlar qaysidir agressor davlatda o‘zbek, tojik, qirg‘iz va boshqa millat vakillari bilan muttasil sodir bo‘ladigan holatni yodga solib yuboryaptimi?

Rossiya xatosini to‘g‘rilamayapti

Bakuning keskin javoblari fonida Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ozarbayjonliklarga qarshi reyd tadbirlari yana kuchaydi. Rossiyaning qo‘li qonga botgan kuchishlatar tuzilmasi bu safar diasporaning hurmatga sazovor va davlatmand kishilariga hujum qildi. Jumladan, Ozarbayjon diasporasi rahbari Shahin Shixlinskiy hibsga olindi. Shixlinskiyni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyot “Baku Plaza” savdo markazi oldida o‘tkazildi. Shixlinskiy bilan birga uning o‘g‘li Mutvala Shixlinskiy ham ushlandi. Ushlash jarayonida ota-bola o‘zlariga tegishli Gelendvagenda o‘tirgan. Kuchishlatar tizim xodimlari mashina oynasini sindirib, undan yoshi bir joyga borib qolgan Shixlinskiyni tushirib, yerga yuztuban yotqizgan kadrlarni ko‘rish mumkin.

Shixlinskiydan tashqari, ozarbayjonlik taniqli tadbirkor Yusuf Xalilov ham ushlandi. Voronejda Rossiya huquq-tartibot organlari xodimlari Yusuf Xalilovni qo‘lga olish uchun uning uyiga bostirib kirishgan. Bostirib kirish ham xuddi bosqinchilik kabi amalga oshirilganini holat aks etgan tasvirlardan ko‘rish mumkin. Ular Xalilovning uyiga kelib, devorga narvon qadab, eshikni ichkaridan ochgancha kirib kelishdi. Tintuv jarayonida Xalilov uy ichidan topildi. U yerga yuztuban yotqizilib so‘roq qilindi. Eng yomoni, odatda, faqat tegishli huquqni muhofaza qilish organlarining ruxsati bilan titkilanishi mumkin bo‘lgan shaxsiy telefon Xalilovdan tortib olindi. Uning kirish kodi so‘ralib, smslardan tortib so‘nggi qo‘g‘iroqlargacha ko‘zdan kechirildi. Shuning o‘zi ham Rossiya kuchishlatar tuzilmalarining qanday ishlashi, huquq ular uchun nimani anglatishidan dalolatdir. Ammo ikki aka-ukani urib, o‘ldirib qo‘ygan tizim uchun kimnidir uyiga bostirib kirib shaxsiy telefonini kovlash hech narsa emas.

Shixlinskiy mavzusiga qaytadigan bo‘lsak, u aka-uka Safarovlar o‘limi yuzasidan ularga qarshi ko‘rsatma berish maqsadida ushlangani aytildi. Uning o‘g‘liga ko‘ra, Shixlinskiy darhol qo‘yib yuborilgan, lekin birozdan so‘ng tergov qo‘mitasiga olib ketilgan. U va Ozarbayjon diasporasining qolgan a’zolari tergovda Safarovlarga qarshi guvohlik beradi, deya gumon qilingandi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, Shahin Shixlinskiy ozod etildi. Ozarbayjon diasporasi rahbari kechasi tergovdan keyin qo‘yib yuborildi va o‘z oilasi davrasiga qaytdi. Hoynahoy, Rossiya Ozarbayjonning u bilan istalgan tilda gaplasha olishi, Bakuda o‘zaro hurmat va iliq munosabatlar qatorida hurmatsizlikka o‘z o‘rnida qattiq javob bera olish salohiyati borligini angladi.

Saboq chiqargulik ish

Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi keskinlikning hozirgi harorati o‘tgan yil dekabr oyidagi aviahalokat paytidagidan qolishmayapti. Ammo bu safar ikki davlat yetakchilari negadir jim. Hozirgacha barcha bahs-munozaralar faqat Tashqi ishlar vazirliklari, huquq tartibot idoralari, internet nashrlar, televideniye va jamoatchilik faollari o‘rtasida ketmoqda. Putin va Aliyev sukut saqlashda davom etmoqda. Ozarbayjon prezidenti o‘tgan yilgi aviahalokat paytida bo‘lgani kabi faollik ko‘rsatmayapti. Putin esa vaziyat eng keskin nuqtasiga yetgan paytda Makron bilan telefonda gaplashib o‘tirgandi. Aliyevning o‘zi esa O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifiga tayyorgarlik bilan band bo‘lsa ajab emas. Shu o‘rinda mazkur voqeliklar unchalik jiddiy ahamiyatga ega emasdek tuyulishi mumkin. Balki tez orada ikki davlat munosabatlari o‘z iziga tushib ketishi, Putin hech narsa bo‘lmagandek, doimgi an’anaga muvofiq Mehribon Aliyevani tavalludi bilan tabriklashi, Aliyev esa Putin uyida mehmon bo‘lishiga ham guvoh bo‘larmiz.

Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham ortda qolgan kunlar saboq olishga arzigulik qator voqealarga boy bo‘ldi. Masalan, Ozarbayjonning mazkur harakatlaridan faqat kuch tilini biladiganlarga aynan shu tilda javob qaytarish, fuqarolarini emaklatgan mamlakatga xuddi shu ko‘rinishda qattiq javob berish, Rossiyada vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolari bo‘ladimi, diaspora a’zolarimi farqi yo‘q, ularning tahqirlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, bunday bema’nigarchilikka nisbatan murosasiz bo‘lish, xullas bir yuziga tarsaki tushirilsa, zo‘ravonga narigi yuzini ham tutib bermaslik kabi saboqlarni olish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Ekaterinburg Rossiya Ozarbayjon Shahin Shixlinskiy Yusuf Xalilov Sputnik Ozarbayjon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing